Namanganda o‘z yakuniga yetgan «Navruz Cup-2022» o‘rtoqlik turnirining finalida O‘zbekiston Ugandani mag‘lub etib, g‘olib bo‘ldi. O‘yin Sport TV telekanalida jonli efirda namoyish etildi.

O‘yinning 35-daqiqasida Jaloliddin Masharipov raqib jamoasining xatosidan foydalanib, hisobni ochdi. Ugandaliklar tomonidan O‘zbekiston darvozasi tomon tepilgan noaniq burchak to‘pini Jaloliddin Masharipov o‘ziga bo‘ysundirdi va raqib darvozasi tomon 2 himoyachiga qarshi kirib bordi. Darvozabon himoyachi bilan to‘qnashib ketdi, Masharipov esa gol urdi.

Oradan 4 daqiqa o‘tib, ikkinchi golga ayni damda Italiyaning Roma klubida o‘ynayotgan Eldor Shomurodov mualliflik qildi. Birinchi bo‘lim 2:0 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda ugandaliklar o‘zining birinchi golini kiritdi. 52-daqiqada Faruku Miya jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni darvozaga joyladi (2:1).

55-daqiqada Eldor Shomurodov yana bir golga mualliflik qildi. Jamoadoshiga uzatgan to‘pi raqib jarima maydonchasida yana o‘ziga qaytib keldi va darvozadan joy oldi. Undan keyingi urilgan 72-daqiqadagi gol ham Shomurodov hisobiga yozildi. Shu bilan hujumchi mazkur o‘yinda xet-trikka erishdi (4:1). Bu uning O‘zbekiston terma jamoasi safidagi 28-goli bo‘ldi.

78-daqiqada yana hisob qisqardi. Uganda MTJ a’zosi Emmanuel Okvi uzoqdan yo‘llagan zarba aniq chiqdi va uni darbozabon qaytara olmadi (4:2). Asosiy o‘yinga 4 daqiqa qo‘shib berildi. Biroq unda boshqa o‘zgarishlar kuzatilmadi. Shuning bilan O‘zbekiston «Navruz Cup-2022» o‘rtoqlik turniri sovrindori bo‘ldi.

Tojikiston esa Qirg‘iz Respublikasini yutib, «Navruz Cup-2022» musobaqasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston MTJ yarim finalda Qirg‘iz Respublikasini ma’lub etgandi.

Ma’lumot uchun, mazkur musobaqada 4 davlat jamoalari: O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afrikadan Uganda MTJ o‘ynadi.

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining o‘yinlarni Namanganda o‘tkazishidan sabab yozda iyun oyida Osiyo kubogi saralash bosqichining C guruhi o‘yinlari aynan shu shaharda o‘tadi. O‘zbekiston unda Shri-Lanka, Tailand va Maldiv orollari jamoalariga qarshi markazlashgan saralash o‘yinlarini o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bu vaqtgacha FIFA reytingida 85-o‘rinda edi. Uganda esa O‘zbekistondan bir pog‘ona yuqorida, 84-o‘rinni egallab turibdi.