O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi joriy yil boshiga nisbatan 16% ga yoki 5,4 mlrd dollarga oshib, 2022 yil 1 yanvar holatiga 39,6 mlrd dollarni tashkil qildi, deya ma’lum qildi Markaziy bank o‘z hisobotida. Bu 2021 yilda 69,23 mlrd dollarga baholangan YAIMga nisbatan 57% ni tashkil etadi.

Umumiy tashqi qarz davlat qarzi va davlat tomonidan kafolatlangan qarzlar (davlat tashqi qarzi) hamda kafolatlanmagan tashqi qarzni (xususiy tashqi qarz) o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, «xususiy» sektorda, asosan, davlat ulushiga ega bo‘lgan kompaniyalar va banklar ko‘rsatilgan (davlat bank sektorining 80% dan ortiq ulushi ustidan o‘z nazoratini o‘rnatgan, shuningdek, UzAuto Motors va «O‘zbekneftgaz» AJ, NBU, «O‘zsanoatqurilishbank», umumiy qiymati 1,92 mlrd dollarlik qarz qimmatli qog‘ozlarini joylashtirgan «Ipoteka bank» kabi kompaniyalarga egalik qiladi yoki ulushga ega).


Xususan, 2021 yilda davlat tashqi qarzining sof o‘sishi, kurslar va narxlar o‘zgarishini inobatga olganda 11% ga yoki 2,4 mlrd dollarga oshib, 23,7 mlrd dollarga yetgan. MB izoh berishicha, mazkur o‘sish davlat sektori tomonidan 3,8 mlrd dollar miqdorida qarzdorlik jalb qilinib, shundan qiymati 635 mln dollar miqdoridagi qimmatli qog‘ozlarni 3,9 foiz stavkasi bilan 10 yillik muddatga hamda 2,5 trln so‘m qiymatidagi qimmatli qog‘ozlarni 14,0 foiz stavkasi bilan 3 yillik muddatga xalqaro moliya bozorida joylashtirilishi hisobiga yuz bergan.

2022 yilning 1 yanvar holatiga xususiy tashqi qarz 2021 yilning boshiga nisbatan 24 foizga yoki 3,0 mlrd dollarga o‘sib, 15,8 mlrd dollarga yetgan. Xususiy tashqi qarz o‘sishi asosan banklar, energetika sektori (neft va gaz), tog‘ kon va metalurgiya sanoati va boshqa sektorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.


Qayd etilishicha, 2021 yil davomida xususiy sektor tomonidan 8,2 mlrd dollar miqdoridagi qarz mablag‘lari jalb qilingan. Jumladan, 3,4 mlrd dollar — banklar, 2,2 mlrd dollar — neftgaz va energetika sektoridagi korxonalar, 971,2 mln dollar — tog‘-kon va metalurgiya sanoati sektori va 1,6 mlrd dollar — iqtisodiyotning boshqa sektorlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 2021 yilda davlat tomonidan davlat tashqi qarzi bo‘yicha 919,9 mln dollar miqdoridagi asosiy qarz va 370,9 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan. O‘z navbatida, xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 4,5 mlrd dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 523,3 mln dollarni tashkil qilgan.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev tashqi qarzdorlikni jalb qilish hisobiga yangi metro liniyasini qurish, tibbiyot xodimlari yoki o‘qituvchilarning ish haqlarini oshirishga erishilganligini ta’kidlagan edi.