2021 yilning aprel oyida Bosh prokuraturaning ish vaqtida yurak xuruji sabab vafot etgan 33 yoshli xodimi Samir Rahmonovning otasi A. Rahmonov vafot etgani sababli sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan uning da’vo arizasi ish yurituvidan tugatildi. Bu haqda 29 mart kuni Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq A. Rahmonov qonunda belgilangan tartibda nafaqa pullari to‘lab berilmagani uchun Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qilgandi.

O‘shanda ish Toshkent shahar FIB sudlov hayati tomonidan ko‘rib chiqilib, marhumning otasi boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa olish huquqiga ega emas, degan qarorga kelgan hamda ish birinchi instansiya sudiga marhumning turmush o‘rtog‘i ishtirokida ko‘rib chiqish uchun yuborilgandi.

Sudning tashabbusi bilan da’vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan N. Raxmanova (turmush o‘rtog‘i) sudga javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

FIB Mirobod tumanlararo sudining 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N. Raxmanovaning da’vo talablari qisman qanoatlantirilgan.

«Javobgardan [Bosh prokuratura] N. Raxmanovaning foydasiga 951 mln 275,9 ming so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 mln so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 mln 642 ming so‘m davlat boji to‘lanishi belgilandi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov yurak xuruji sabab vafot etgandi. Avgust oyiga kelib uning otasi Bosh prokuratura ustidan arz qilgani haqida yozgan edik.

Ish FIB Mirobod tumanlararo sudining 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Raxmanovning (marhumning otasi) ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi. Da’vogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Noyabr oyi o‘rtalarida Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganini ma’lum qildi.