28 mart kuni O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam reyslarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi, deb xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Loukoster Sukhoi Superjet 100 (RRJ-95B) samolyotlarida «Rostov-na-Donu- Samarqand- Rostov-na-Donu», «Rostov-na-Donu- Urganch- Rostov-na-Donu», «Krasnodar- Urganch- Krasnodar» va"Mineralnыye Vodы- Urganch- Mineralnыye Vodы" yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Mart oyi avvalida Rossiyaning «Aeroflot», S7 va Smartavia aviakompaniyalari xalqaro reyslar bekor qilingani haqida ma’lumot bergan edi. Ular birvarakayiga bir nechta O‘zbekiston shaharlariga uchishni boshlashdi.

Qaror G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya aviakompaniyalariga yangi samolyotlar, ehtiyot qismlar va jihozlar sotishni taqiqlashni nazarda tutuvchi sanksiyalar joriy etilishi munosabati bilan qabul qilindi. Keyinchalik Rosaviatsiya aviatashuvchilarga Rossiyada ishlab chiqarilgan (masalan, Superjet 100) yoki Rossiya kompaniyalaridan lizingga olingan samolyotlarda chet elga parvoz qilishni tavsiya qildi.

25 mart kuni «Rossiya» aviakompaniyasi («Aeroflot» tarkibiga kiruvchi) aprel oyidan Superjet 100 samolyotlarida Sochidan O‘zbekistonning beshta shahri — Buxoro, Samarqand, Toshkent, Urganch va Farg‘onaga muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida e’lon qildi.