29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida navbatdagi muzokaralar jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin Ukrainaning betarafligi va yadrodan holi maqomi to‘g‘risidagi shartnomani tayyorlash, shuningdek Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar amaliy darajaga o‘tayotganini aytib o‘tgan.

Rossiya delegatsiyasining bayonotidan asosiy tezislar

Muzokaralar yakuniga ko‘ra Rossiya delegatsiyasi mojaroni yumshatish maqsadida Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollikning keskin қисқартирилishини ma’lum qildi. Bunda «Kiyevda tegishli asosiy qarorlar qabul qilinishi» va kelgusida normal ish muhiti bo‘lishi uchun sharoitlar yaratilishi kerakligi aytildi.

Shuningdek, Rossiya delegatsiyasi tomonidan quyidagilar bayon qilindi:

  • Muzokaralar konstruktiv o‘tdi, Ukraina qo‘shma bitim bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq belgilab berdi.
  • Rossiya Ukrainani harbiy asirlar to‘g‘risidagi Jeneva Konvensiyasiga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
  • Ukraina Qrim va Sevastopolni harbiy yo‘l bilan qaytarish istagidan voz kechdi.
  • Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari (quyida keltirilgan) to‘g‘risidagi takliflari Qrim va Donbass hududiga taalluqli emas.
  • Rossiya Federatsiyasiga Ukraina tomonidan neytral va yadrosiz maqomga ega bo‘lish istagini tasdiqlovchi yozma takliflar kelib tushgan.
  • Kiyev harbiy ittifoqlarga qo‘shilishdan bosh tortishga va’da berdi.
  • Rossiya Ukrainaning takliflarini yaqin kunlarda ko‘rib chiqadi, ular haqida Vladimir Putinga xabar qilinadi.
  • Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan tinchlik shartnomasini dastlabki imzolash jarayonida Putin va Zelenskiy uchrashishi mumkin.
  • Rossiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi emas.

Ukraina delegatsiyasining bayonotidan asosiy tezislar:

Ukraina xalqaro xavfsizlik kafolatlari masalasida o‘z takliflarini taqdim etdi. Delegatsiya vakili Aleksandr Chaliyning ta’kidlashicha, ushbu shartnomaning xavfsizlik bo‘yicha yuridik kafolatlari NATOning 5 moddasi bilan o‘xshash bo‘lishi talab qilingan. Agar Ukraina hududiga qandaydir harbiy harakatlar yoki harbiy hujumlar uyushtirilsa, Ukraina 3 kun mobaynida konsultatsiya o‘tkazadi. Agar konsultatsiya diplomatik natijalar bermasa, kafil mamlakatlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Kafillar orasida Ukraina quyidagi mamlakatlarni nomladi: BMT Xavfsizlik Kengashi doimi a’zolari (Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya), Turkiya, Germaniya, Kanada, Italiya, Polsha va Isroil kiritilgan.

Yangi bitimda Ukraina va Rossiyaning Qrim bo‘yicha pozitsiyalarini belgilab qo‘yish, 15 yil davomida Qrim va Sevastopol maqomi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borish kerak. Bu vaqt ichida ikkala mamlakat ham yarimorol masalasini hal qilish uchun qurolli kuchlaridan foydalanmaydi.

Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi masalasi Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvida muhokama qilinadigan alohida bandga qo‘shildi.

Ukrainada ushbu shartnoma yuzasidan referendum o‘tkaziladi, so‘ng ushbu masala kafil mamlakatlar va Ukraina parlamentida ko‘rib chiqiladi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiya bilan kelishuv bo‘yicha yakuniy qarorni davlat rahbarlari yig‘ilishida rasmiylashtirilishini so‘ragan.