Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov va SymbioSwiss kompaniyasi (Shveysariya) kompaniyasi ijrochi raisi Klod Begle (Claude Béglé) uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Davlat ekologiya qo‘mitasi va SymbioSwiss kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni samarli yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu hamkorlik jarayonida Shveysariya kompaniyasi arzon, suvni tozalashning eng yangi texnologiyalarini taqdim etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Qayd etilishicha, ushbu texnologiyalar elektroliz orqali suvni 99,99% gacha viruslardan, shu jumladan COVID-19, bakteriyalar va boshqalardan tozalaydi. Ulardan foydalanish uchun faqat suv, tuz va elektr energiyasi kerak bo‘ladi. Mahsulot kimyoviy ishlovdan ko‘ra arzonroq va ekologik tozaligi bilan muhim ahamiyatga ega. Uskunalardan shifoxonalar, maktablar, bolalar bog‘chalari va mehmonxonalar kabi ijtimoiy obyektlarda samarali foydalanish imkoniyati mavjud.

Shveysariya tomoni ushbu texnologiyalarni joriy etish uchun 10 mln dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham o‘z taklifini berdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov loyihani amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlarini belgilangan tartibda kelgusida ko‘rib chiqishni qayd etdi.

Shu bilan birga, tegishli vazirlik va idoralari, xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo, Sog‘liqni saqlash, Innovatsion rivojlanish, Suv xo‘jaligi va boshqa vazirliklari bilan ham hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.