Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish elektron tizimida 131 mingdan ziyod qaror va farmoyishlar haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lib, tizimda 28 mart holatiga 76 minga yaqin hokim qarorlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Tizimdagi eng ko‘p qarorlar Qashqadaryo viloyatida qabul qilingan.

Jumladan, tizimda Muborak tumani hokimining 1098 ta, Nishon tumani hokimining 1046 ta va Qashqadaryo viloyati hokimining 944 ta qarori mavjud. Keyingi o‘rinlarni Qarshi, Samarqand shahri va Kitob tumani (Qashqadaryo) hokimliklari egallagan. Tizimdagi ma’lumotlarga ko‘ra, eng kam hokim qarori Navoiy viloyatining Go‘zg‘on shahrida qabul qilingan — 86 ta.

“Gazeta.uz” mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar bilan bog‘liq ba’zi qiziq holatlarni o‘rganib chiqdi.

2021 yilning 28 martidan 2022 yil 28 martigacha, bir yil davomida O‘zbekistonda mavjud 221 ta viloyat, tuman, shahar hokimiyatlari (Qoraqolpog‘iston vazirlar kengashi) kuniga o‘rtacha 177 ta qaror qabul qilgan. Ya’ni O‘zbekistonda deyarli barcha mahalliy davlat hokimiyat organlari кuнига o‘rtacha bittadan qaror qabul qiladi.

Elektron tizimda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 11 oy davomida Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev kuniga o‘rtacha 3 ta qaror qabul qilgan. Eng qiziq jihati, u ushbu davr mobaynida o‘rtacha har ikki kunda o‘zi tomonidan qabul qilingan bitta qarorni bekor qilgan.

Qayd etish joizki, ayrim holatlarda bitta qarorga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ketma-ket 3−4, ba’zida esa 10 ta boshqa qarorlar qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Hokimlar asosan yer oldi-berdisi bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilgan. Ya’ni ma’lum yer maydonini tuman/shahar zaxirasiga qaytarish, yoki zaxiraga qaytarish haqidagi qarorni bekor qilib, yerni avvalgi egasiga topshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilingan.

Eng ko‘p hokim qarori bekor qilingan Qarshi va Urganch shaharlarida asosan yerni hokimiyat zaxirasiga qaytarish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilingan. Qarshi shahrida bunday qarorlarning deyarli barchasi prokuratura protestidan so‘ng yuzaga kelgan.

2020 yilda Urganch shahar hokimi etib tayinlangan Oybek Xolboyev bir haftada (2021 yilning 24 iyulidan 31 iyulgacha) 78 ta qarorni bekor qilgan. Ushbu qarorlarning deyarli barchasi undan avvalgi xokim Shuhrat Abdullayevga tegishli bo‘lgan.

Yana bir qiziqarli jihat, Denov tuman hokimi o‘zining boshqa hamkasblaridan faqrli ravishda barcha bekor qilingan qarorlar ijrosini o‘z bo‘yniga olgan.

Shuningdek qarorlar orasida kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarorni bekor qilinishi holati ham mavjud. Urganch shahar hokimi 2021 yil 28 iyul kuni 2021 yil 14 avgustda qabul qilingan “Yoshlar mehnat guzari” binosini qurish uchun 1600,0 kv.m yer maydonini ajratib berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish haqida qaror qabul qilgan.


Qarorning keyingi bandlarida bekor qilinayotgan hokim qarori 2021 yil 13 aprelda qabul qilingani yozilgan. Faqatgina 3-bandda bu qaror 2019 yil 14 avgustda qabul qilingani aytilib, keyingi bandlarda yana bir bor aynan shu qaror 2021 yil 13 aprel va 14 avgustda qabul qilingani ketma-ket qayd etilgan.

Tadbirkor uchun uch hokimdan uch qaror

Yana bir qiziq qarorlardan biri — Urganch shahar hokimining 2018 yil 2 noyabrdagi 2740q-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi 2020 yil 18 iyundagi 855q-sonli qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror. Qaror mazmuniga ko‘ra, 2018 yilda shahar hokimi Odilbek Sapayev qarori bilan “Suxrob Dizayn Quruvchi” MCHJga ko‘p qavvatli turar joy binosini qurish uchun 1100 kv.m. yer maydoni ajratilgan. Ammo 2018 yil dekabrda hokim etib tayinlangan Shuhrat Abdullayev 2020 yilda ushbu qarorni bekor qilib, yerni shahar zahirasiga qaytarish haqida qaror qabul qilgan. 2020 yil dekabrda hokim etib tayinlangan Oybek Xolboyev esa sud qaroriga asosan Shuhrat Abdullayev qarorini bekor qilib, yerni tadbirkorga yana qaytarib bergan.

“Pulni ol, endi qaytarib ber”

2021 yil 16 va 29 iyul kunlari Quyi Chirchiq tuman hokimi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi uchun 183,9 million, Mahalla fuqarolar yig‘inini ma’muriy bino bilan ta’minlash maqsadida, fuqaroga tegishli noturar joy obyektini sotib olish uchun 73 million va tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga kompyuter va printer texnikalarini va stol-stullar xarid qilish uchun 24 million so‘mni tegishli hisob varaqalariga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ammo oradan 1−3 hafta o‘tib ushbu pullarning hammasi hokimiyat balansiga qaytarib olingan.

11 oy davomida hokimlar 406 ta mehnat shartnomasini bekor qilish va 44 ta intizomiy chora qo‘llash haqida qaror qabul qilgan. Eng ko‘p mehnat shartnomasi bekor qilingan hokimiyat Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati (21 ta) hisoblanadi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi esa eng ko‘p — 5 ta intizomiy chora qo‘llagan.