1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida ma’lum qilindi.

Fevral oyida banklarning muammoli kreditlari miqdori 265 mlrd so‘mga pasayib, 17 trln 212 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Bunda «Ipoteka-bank» (-180 mlrd so‘m), «O‘zsanoatqurilishbank» (-85 mlrd so‘m), «Xalq banki» (-71 mlrd so‘m) muammoli kreditlarining bir qismidan qutulishga erishgani asosiy rol o‘ynadi.

Davlat ulushi mavjud banklarning kredit portfelidagi NPL miqdori 15 trln 290 mlrd so‘mgacha kamaydi.

Fevral oyida muammoli kreditlarning o‘sishi «Asakabank» (+72 mlrd so‘m), «Qishloqqurilishbank» (+39 mlrd. so‘m) hamda «Agrobank» (+32 mlrd. so‘m) hisobiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston banklarining muammoli kreditlari dinamikasi. Foto: Bankers.uz

Shuningdek, oy davomida xususiy banklar kredit portfelida NPL miqdori 33 mlrd so‘mga kamayib, 1 trln 922 mlrd so‘mni tashkil qildi. Tenge Bank (-77 mlrd. so‘m), «Trastbank» (-41 mlrd. so‘m) va Hamkorbank (-20 mlrd so‘m) kabi banklarda NPL miqdori kamaydi. Shu bilan birga, Asia Alliance Bank (+50 mlrd. so‘m), Kapitalbank (+39 mlrd. so‘m), «Ipak Yo‘li» banki (+14 mlrd. so‘m), Universal bank (+12 mlrd. so‘m), Madad invest bank (+11 mlrd so‘m) kredit tashkilotlarida muammoli kreditlarning ulushi ortgan.

NPL’ning jami kreditlardagi ulushi eng yuqori bo‘lgan bank Hi-Tech (92,94%) hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarni «Turkiston bank» (69,1%) va «O‘zagroeksportbank» (55,7%) «Ravnaqbank» (21,4%), Xalq banki (19,5%), Madad invest bank (18,5%), Asia Alliance Bank (13,2%) «Savdogarbank"larning (11,6%) kredit portfelida NPL ulushi yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral holatida O‘zbekiston banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,4 foiz yoki 503 mlrd so‘mga ko‘paygandi.