Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Muzrabot tuman bo‘limi tomonidan «Aloqabank»ning Surxondaryo hududiy markazining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Bu haqda Departament matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tekshiruvda «T.Y.E.» MCHJ sobiq rahbari I.S. MCHJga «Aloqabank» viloyat filiali tomonidan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablag‘ini to‘ldirish» uchun ajratilgan 220 000 AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘ini o‘zining shaxsiy ehtiyojiga ishlatib yuborib, talon-toroj qilgan. Shuningdek, I.S. bank filiali mas’ul shaxslari bilan til biriktirib, aslida bahosi 737,8 mln so‘m bo‘lgan binoning narxini sun’iy ravishda oshirgan holda 2,5 mlrd so‘mga o‘zaro kelishuv dalolatnomasiga asosan garov ta’minoti sifatida qo‘yib, bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni Qarshi tumanida fuqaro «Mikrokreditbank» mas’ul xodimlari bilan boshqa fuqaro nomiga korxona ochib, 1,9 mlrd so‘m kredit ajratib bergani haqida xabar qilgan edik. Fuqaro shundan 1,1 mlrd so‘mni mahsulot xaridi uchun o‘tkazish orqali talon-toroj qilgan.