2021 yilda yilda 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ma’lum qildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.

2022 yilning birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan bo‘lsa, intizomiy javobgarlikka tortilganlar 80 nafarni tashkil etdi.

Shuningdek, 2021 yilda vakolat muddati tugagan 12 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq deb topilgan, 2022 yilning birinchi choragida bu miqdor 4 nafarga yetgan.

Bundan tashqari, sudyalar oliy maktabida o‘tgan yilda 73 nafar sudyalikka nomzod kasbga tayyorlanib, shundan 62 nafari ilk bor sudyalik lavozimini egalladi.

Qolaversa, 2021 yilda odil sudlovga aralashish bilan bog‘liq 4 ta holat bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisi Bosh prokurorga o‘z vaqtida taqdimnomalar kiritgan. Natijada aybdor shaxslarga nisbatan 2 ta jinoyat ishi va 2 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

«2022 yil birinchi choragida sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashish bo‘yicha holat qayd etilmadi. Biroq sudyalar daxlsizligiga ta’sir o‘tkazishi ehtimoli yuz bergan holatlar bo‘yicha Kengash matbuot xizmati tomonidan 3 marta bayonot berilib, voqelikka munosabat bildirildi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, kengash tomonidan 2021 yilda sudyalarni tayinlash, vakant lavozimlarni to‘ldirish bo‘yicha ochiq va oshkora o‘tkazilgan tanlovlar natijasida 460 nafar sudyalik (umumiy nomzodlarning 70,4 foizi) lavozimiga tayinlangan. Hozirda respublika bo‘yicha sudyalik lavozimida ishlayotgan sudyalar soni 1292 nafarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, World Justice Project tashkiloti 2021 yilgi Huquq ustuvorligi indeksi natijalarini e’lon qildi. Tadqiqotlar COVID-19 pandemiyasi sabab 74,2 foiz mamlakatda huquq ustuvorligi ko‘rsatkichlari pasayganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonga berilgan baholar esa 4,1 foizga oshdi, natijada 139 ta davlat orasida 85 o‘rinni egalladi.