Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining navbatdagi yashirin aylanmasini fosh qilishdi, deya xabar qildi DBQ matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.


Qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi respublikada tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi kerak bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan.


«O‘rnatilgan tartibda ushbu transport vositasi postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirib qo‘ydi», — deyiladi xabarda.


Natijada, avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi o‘ramlar — giyohvandlik vositalari joylangani fosh bo‘ldi. Har bir o‘ramga polietilen, nusxa ko‘chirishda foydalaniladigan qora qog‘oz va germetik skotch yordamida ishlov berilgan.


Mazkur o‘ramlardagi «gashish» giyohvandlik vositasining umumiy og‘irligi 154 kg 90 gr ni tashkil qildi.


Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.