Turkiya prezidenti 29−30 mart kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 29−30 mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

«Adolat» partiyasi vakili «Ochiq budjet» portalida mablag‘ ajratishga ovoz berish jarayonini «tilanchilik» deb atadi

«Adolat» partiyasi vakili Gulniso Saidova «Ochiq budjet» portalida fuqarolar muammolar yechimi bo‘yicha tashabbuslarni taklif etib, bunga ovoz to‘plash jarayonini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu o‘zlariga qadrdon bo‘lgan tashkilot, maktab, bog‘cha va hokazolarga davlatning mablag‘ ajratilishi uchun tilanchilikdir». So‘nggi uch oyning o‘zida platformada 69,7 ming tashabbusga 5,9 mlnta ovoz berilgan.

2021 yilda 19 nafar sudya ishdan olingan, 220 nafari esa intizomiy jazoga tortilgan

Sudyalar oliy kengashi 2021 yilda 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgani, yana 220 nafar sudya kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi. 2022 yilning birinchi choragida esa, 22 nafar sudya ishdan olingan, 80 nafariga esa intizomiy chora qo‘llanilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi xodimi pora bilan ushlandi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi katta mutaxassisi fuqaroga uy olish uchun subsidiya ajratib berish evaziga 1200 dollar pora olganlikda gumon qilinmoqda. Tezkor tadbir davomida uning yonidan «marixuanna» va uni iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan moslama ham topilgani aytilmoqda.

Surxondaryoda tadbirkor 220 ming dollar kredit mablag‘ini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda

Muzrabot tumanida korxona rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun ajratilgan 220 ming dollar kredit mablag‘ini o‘zlashtirda gumon qilinmoqda. Uning asl bahosi 737,8 mln so‘m bo‘lgan bino narxini sun’iy ravishda oshirib, uni 2,5 mlrd so‘mga garov ta’minoti sifatida qo‘ygani ham aniqlandi.

«O‘zbekiston uchun noyob iqtisodiy imkoniyatni boy bermasligimiz kerak» — Zafar Hoshimov

Yirik kompaniyalar Rossiyani tark etishi fonida O‘zbekiston mintaqaviy sanoat va tijorat habiga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega, deb hisoblaydi tadbirkor Zafar Hoshimov. «„Xavf va tahdid sotuvchilari“ bizni yana qo‘rqitishiga va o‘tmishga qaytarishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi u.

Toshkent xalqaro investitsiya forumida $7,8 mlrdlik shartnoma va bitimlar imzolandi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z yakuniga yetdi, uning doirasida 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ma’lum qilishicha, qiymati 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga ham erishilgan.

Jahon banki O‘zbekistonga soliq islohoti uchun 60 mln dollar ajratdi

Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistonga 60 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobiga mamlakatda soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizga, QQS undirishni 75 foizga yetkazish, soliq hisobotlarini tayyorlash va topshirish vaqtini ikki barobarga qisqartirish maqsad qilingan.

Sirdaryoda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni olib ketayotgan Lacetti tezkor tadbir davomida to‘xtatildi (video)

Sirdaryoning Sayxunobod tumanida Lacetti haydovchisi YPX xodimlarining ko‘rsatmasiga bo‘ysunmasdan, qochishga urindi. Avtomobil saloni ko‘zdan kechirilganida, ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Haydovchini ushlash aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Surxondaryodagi chegara bojxona postida kartoshka orasidan 154 kg «gashish» topildi

Surxondaryo viloyatidagi «Ayritom» chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk mashinasiga ortilgan 22 tonna kartoshka orasiga 154 kg «gashish» yashirib qo‘yilgani aniqlandi. Ushbu giyohvandlik moddasi kartoshkalar ko‘rinishida qadoqlangan.

Shveysariya kompaniyasi suvni virus va bakteriyalardan 99,99 foizgacha tozalaydigan texnologiyalarni taklif qildi

Shveysariya kompaniyasi Davlat ekologiya qo‘mitasiga elektroliz orqali suvni 99,99% gacha viruslar, shu jumladan COVID-19, bakteriyalar va boshqalardan tozalaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taklif berdi. Ekoqo‘mita hamkorlik imkoniyatlarini tegishli vazirlik va idoralar bilan ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonga 2,1 mlndan ortiq Moderna vaksinasi keltirildi

Dushanba kuni O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida koronavirusga qarshi yana 2,1 mln dozadan ortiq Moderna vaksinasini qabul qilib oldi.

Hafta davomida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Mart oyi oxirigacha respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat seshanba kuni ba’zi hududlarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat janubda +25 darajagacha ko‘tariladi.

«Inson huquqlari uyi» tashkil etildi

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» tashkil etildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

Keksa yoshdagilar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi, ayrim bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat beriladi, UzAuto Motors avtomobili faqat xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladi, noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborganlarga pul to‘lanadi, nogironlik nafaqasi va pensiyasi miqdori oshiriladi, farzandini xususiy bog‘cha va maktabga berganlar daromad solig‘idan ozod etiladi — 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda qaysi hokim o‘z qarorlarini tez-tez bekor qilib turadi?

28 mart holatiga e-qaror.gov.uz elektron tizimida 221 ta viloyat, tuman, shahar hokimiyatlari qabul qilgan 76 mingga yaqin hokim qarorlari haqida ma’lumot mavjud. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hokimiyatlar bir yil ichida kuniga o‘rtacha 177 ta qaror qabul qilgan. Qarshi shahar hokimi esa o‘rtacha har ikki kunda o‘zi tomonidan qabul qilingan bitta qarorni bekor qiladi.

«Bu vaziyat barchamizni birlashtirdi». Xarkovdagi «Navro‘z» restorani boshqaruvchisi — aholi uchun bepul tushliklar haqida

Bir necha haftlardan beri o‘qqa tutilayotgan Ukrainaning Xarkov shahrida mahalliy aholi «Navro‘z» o‘zbek oshxonasi restoranida bepul tushlik olishlari mumkin. Bu — restoran egasi va Xarkovdagi o‘zbek diasporasi rahbari Shahobiddin Yusupovning tashabbusi. «Gazeta.uz» uning hamkasbi, restoran boshqaruvchisi Meydan Muxamedyarov bilan suhbatlashdi.