«Gazeta.uz» 2022 yil 1 apreldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Keksa yoshdagilar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi

Prezidentning 15 martdagi [PQ-167-son] qaroriga ko‘ra, 1 apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi.

Sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga retseptga asosan 3 oylik ehtiyoj asosida dorilar, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi.

Og‘ir tashxisli kasal hamda nogiron keksalarga shifokorlar retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha summasi kompensatsiya qilinadi.

Keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi. Davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.


2. UzAuto Motors avtomobili faqat xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladi

Hukumatning 21 fevraldagi [78-son] qarori bilan 1 apreldan UzAuto Motors tomonidan avtomototransportni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.


3. Noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborganlarga pul to‘lanadi

Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi [PF-46-son] farmoniga muvofiq, 1 apreldan boshlab daraxtlarni noqonuniy tarzda kesish holatlari tasvirlangan foto va videolarni birinchi bo‘lib yuborgan shaxslarga BHMning bir baravari — 270 ming so‘m miqdorida pul mukofoti to‘lab beriladi. Huquqbuzarlik haqida xabar berganlarning ma’lumotlari oshkor qilinmaydi.


4. Ayollarga tadbirkorlik uchun beriladigan sudsidiya miqdori oshiriladi

Prezidentning 7 martdagi [PF-87-son] farmoniga asosan, tadbirkorlikni yangi boshlayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 mln so‘mdan 10 mln so‘mga oshiriladi.

«Hunarmand» uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi. 2022 yilda subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltiriladi.

Ijarada turgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovining 50 foizi, ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi.


5. Nogironlik nafaqasi va pensiyasining eng kam miqdori oshiriladi

Prezidentning 17 fevraldagi [PF-74-son] farmoniga ko‘ra, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 440 ming so‘mdan 622 ming so‘mgacha oshiriladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m miqdorida parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.


6. Ayrim bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat beriladi

Prezidentning 7 martdagi [PF-87-son] farmoni bilan to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi.

Kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida bog‘cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi budjetdan qoplab beriladi.


7. Toshkentda o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinadi

Hukumatning 25 fevraldagi [89-son] qaroriga muvofiq, 1 apreldan Toshkent shahrida tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinadi. Buning o‘rniga faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.

Reglamentga ko‘ra, o‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Tibbiyot muassasasi xodimi — o‘lim holati tasdiqlangandan so‘ng vafot etgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni FHDYO bo‘limiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi.


8. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari bog‘cha pulini to‘lashdan ozod qilinadi

Prezidentning 7 martdagi [PF-87-son] farmoniga asosan boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:

  • farzandlari davlat bog‘chalariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi;
  • 3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar ajratiladi.

9. Xususiy bog‘cha va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalar daromad solig‘idan ozod qilinadi

Prezidentning 28 yanvardagi [PF-60-son] farmoniga ko‘ra, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1−4-sinf o‘quvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlanadi.


10. Ayrim shaxslarning aksiyadan olgan dividentlari daromad solig‘idan ozod qilinadi

Prezidentning 17 yanvardagi [PQ-90-son] qaroriga bilan 2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrgacha:

  • O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;
  • norezident yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlari uchun foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;
  • rezident va norezident jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha daromadlari daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.

11. Ayrim tadbirkorlar uchun ijtimoiy hamda aylanma soliqlari stavkasi 1 foiz etib belgilanadi

Prezidentning 27 yanvardagi [PQ-104-son] qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi — 1 foiz etib belgilanadi.

Bunda mazkur soliq imtiyozi tadbirkor joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, qo‘llaniladi. Agarda xodimlar sonini yashirish holatlari aniqlansa, mazkur soliq imtiyozining amal qilishi to‘xtatiladi va tegishli choralar ko‘riladi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 apreldan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar 1-ilovada keltirilgan tuman va shaharlarda belgilanadigan turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi — 1 foiz etib belgilanadi.

Shuningdek, ushbu hududlardagi obyektlar va ular egallagan yer uchastkasi bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorlarini — mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.


12. Moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanadi

Prezidentning 14 fevraldagi [PQ-128-son] qaroriga asosan davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga «Davlat auditi» dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma’lumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan mukofot to‘lanadi.