Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayeva Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqib, tashkil etilayotgan Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasining ayrim tafsilotlarini ma’lum qildi.

«Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish istiqbollari» mavzusidagi muloqot davomida Ra’no Jo‘rayeva ichki turizmni rivojlantirishga to‘xtalar ekan, 2021 yildan boshlab «Silk Avia» mintaqaviy aviakompaniyasini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgani, mazkur aviakompaniya mamlakat ichida aviaqatnovlarga bo‘lgan talabni qondirishini ta’kidlab o‘tdi.

Uzbekistan Airports rahbari kompaniya parvozlarni O‘zbekiston bo‘ylab 40 ga yaqin yo‘nalish — nafaqat poytaxtdan viloyatlarga, balki viloyatlar o‘rtasida ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

«Albatta, talab katta. Aholi mamlakat bo‘ylab harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Shuning uchun biz ishlarni jadal sur’atlarda olib bormoqdamiz va umid qilamizki, kuzgacha samolyotlarni yetkazib beramiz va ilk parvozlarni amalga oshirishni boshlayamiz», — dedi Ra’no Jo‘rayeva.

\

Foto: Uzbekistan Airports

Shu bilan birga, u birinchi bosqichda 70 o‘rinli uchta mintaqaviy samolyot kelishi kutilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday sig‘imga ega samolyotlar mintaqaviy aviatashuvlar uchun maqbuldir. Shuningdek, mintaqaviy aviakompaniya bazasi yangi «Samarqand» aeroportida joylashishi ham ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Ra’no Jo‘rayeva mahalliy aviakompaniya bazasi yangi Samarqand xalqaro aeroportida joylashishini ma’lum qildi.

Uzbekistan Airports raisi Samarqand aeroporti zamonaviy va ma’lum darajada eksperimental loyiha ekanini ta’kidladi.

«Bu 2019 yildan buyon amalga oshirila boshlangan ulkan loyiha bo‘lib, uning yuqori nuqtasi 2021 yilga to‘g‘ri keldi. Eng qiyini, aeroport faoliyatini to‘xtatmay turib, aerodrom va aerovokzal qurish edi. Aerodrom majmuasi ochilishidan taxminan bir oy oldin parvozlar to‘xtatildi», — dedi u.

«Hozir biz bojxona va chegara nazorati, yo‘lovchilar va yuklarni ro‘yxatga olish uchun yangi yechimlar orqali o‘tkazish imkoniyatini oshirishga qodir bo‘lgan, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi joriy etilgan aerovokzal majmuasini foydalanishga topshirishni yakunlamoqdamiz. 1 apreldan yangi terminal to‘liqligicha ishlab, xalqaro qatnovlarga xizmat ko‘rsatadi», — deya xulosa qildi Ra’no Jo‘rayeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi yangi aeroporti 1 apreldan to‘liq quvvat bilan ishlay boshlashi va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatishi xabar qilingandi. Hozirda aeroport majmuasini foydalanishga topshirish ishlari yakunlanmoqda.