17−24 mart kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjantlar Abdurasul Tuyg‘unov va Abdumalik Abdurahmonovlar AQShning Missisipi shtatidagi «Eng ilg‘or jangchi-2022» musobaqasida ishtirok etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

«Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida o‘tkazilgan musobaqada o‘zbekistonlik askarlar AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari — 6 ta mashqni o‘z ichiga olgan fitnes test, jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 km masofaga oriyentir olish, 15 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z) kabi sinovlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Bundan tashqari, harbiylar artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardi.

Musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yuqori intellektual salohiyati, jismonan chiniqqanligi tufayli g‘olib bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 va 2021 yillarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lgandi.

26-mart kuni erta tongda g‘oliblar poytaxtdagi Islom Karimov nomli Toshkent xalqaro aeroportda tantanali ravishda kutib olindi.