26 mart holatiga fevral oyi uchun 183 052 nafar iste’molchiga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi, deb xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Fevral oyida iste’molchilar tomonidan 27,9 mlrd so‘m keshbek yig‘ilib, shundan 24 mart holatiga 12,1 mlrd so‘m to‘langan.

Qo‘mita tadbirkorlar tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, kamchiliklar tuzatilishi hamda ularning qarzdorligi kamayishi bo‘yicha o‘zgarishlar inobatga olinib, qolgan keshbek summalari ham to‘lab borilayotganini qayd etdi.

«Tadbirkorlik subyektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar tuzatilganligi bois iste’molchilarga yana 6,3 mlrd so‘m keshbek to‘landi», — deyiladi xabarda.

Mart oyida hisoblangan keshbek esa aprel oyining 21−25-sanalarida qaytarilishi qo‘shimcha qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar bank kartalariga xarid summasidan 1% keshbek qaytarilmoqda. Avvalroq, «Gazeta.uz» keshbekni qanday qaytarib olish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma tayyorlagan edi.