Xorazm viloyatining Hazorasp tumani hokimining o‘rinbosari 12 ming dollar pora olayotganda ushlangani aytilmoqda. Bu bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXX xodimlari tezkor tadbir o‘tkazgan.

Ta’kidlanishicha, hokim o‘rinbosari U.A. mansab mavqeidan foydalanib fuqaroni «Qirtepa» mahallasidagi noqonuniy qurilgan turar joy binolarini buzdirmaslikka ishontirgan.

Bundan tashqari, mahalladagi tuman xokimligi zaxirasida bo‘lgan 18 sotix yerni turar joy qurish uchun ajratib berish va’da qilgan. Ushbu xizmatlar evaziga jami 12 000 AQSh dollari pora talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da berib, buning evaziga 80 ming dollar so‘ragani aytilgandi.