IIV Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida itlarni ommaviy tutish va ularga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, jumladan, ularning o‘ldirilayotgani haqidagi xabarlarni o‘rganishni boshladi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.

«Vaziyatga huquqiy baho berilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi», — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video va audio yozuvlardan ma’lum bo‘lishicha, daydi itlar bilan birga uy itlari ham ushlab olib ketilgan, ularning ba’zilari mayib qilingan va o‘ldirilgan, shu jumladan bo‘g‘ish orqali nobud qilingan. «Gazeta.uz» itlarning tanasi taxminan o‘yuvchi metall buyumlar bilan teshilgani aks etgan fotosuratlarni ham ko‘rdi.

Videolarda hayvonlarni ushlash xizmati darvozalari yonida odamlarni ham ko‘rish mumkin. Ular hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni tugatishni talab qilishmoqda. Ichki ishlar idoralari xodimlari ayollarning g‘azabi shunday javob berdi: «Ular shunday ishlaydi… bular daydi itlar. Uy itlari emas. Ular qafasda bo‘lishlari kerak».

«Hayot» itlar boshpanasi asoschisi Iroda Matkarimovaning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, itlarning hayotini saqlab qolish uchun ularni olib keta boshlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, itlarni ushlash xizmati hayvonlar uch kun davomida ushlanishini va birinchi kuni 300 ga yaqin hayvon qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Itlar orasida ko‘plab kuchuk bolalari ham bor.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda bir ayol uni it tishlaganidan keyin vafot yetgan. Shundan so‘ng, viloyatning boshqa tumanlaridagi hayvonlarni ushlash xizmati transport vositalari va xodimlari itlarni ushlash uchun Ohangaronga jo‘natilgan.

Xabarlarga ko‘ra, hatto uy itlari — hovlidagi uychalaridan ham olib ketilmoqda. Tegishli hujjatlar yo‘qligi sababli ularning egalari itlarni qaytarib ololmayapti.

«Boshpana itlarni qabul qilishga tayyor. Ko‘ngillilarimiz hozir ularni olib ketishmoqda», — dedi Iroda Matkarimova juma kuni soat 22:00 da. Uning ta’kidlashicha, boshpana yordamga muhtoj (boshpana kanali).

«Men daydi itlar xavfli ekanligini tushunaman, ammo hayvonlarga munosabatda bo‘lishning insoniy usullari ham borku», — dedi u.

Boshpanada 4000 dan ko‘proq itlar bor. «Hammasi emlangan, hujjatlari bor. Har bir tumanda bunday boshpanalarni yaratish va ko‘ngillilarni jalb qilish mumkin. Shunda hayvonlarni ovlovchilar ham boshpanalar bilan ishlar edi», — deydi Iroda Matkarimova.

«Barcha itlar va mushuklarning ma’lumotlar bazasini yaratishga tayyor ko‘ngillilar bor. Ammo davlat idoralarining bunga munosabat bildirmayapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov ham militsiya xodimlari huzurida «bir guruh fuqarolar hayvonlarga nisbatan qo‘pol muomala qilgani» haqidagi xabarlar boshqarmaga kelib tushgani va vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik, jumladan, ommaviy zo‘ravonlik tez-tez uchrab turadi. 2019 yilda «Gazeta.uz» Samarqandda itlar va mushuklar ommaviy zaharlangani haqida reportaj tayyorlagandi. 2018 yilda Jizzax viloyatining Paxtakor shahrida uzoq yillar davomida jonivorlarning qirg‘in qilingani haqida xabar bergandik. Bundan tashqari, poytaxtdagi hayvnlarni qo‘lga olish xizmati holati haqida ham yozgandik.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksida hayvonlarni qiynaganlar 12,2 mln so‘m jarimaga tortilishi yoki 6 oygacha muddatga qamalishi belgilangan.