«O‘zbekiston temir yo‘llari» va «Qazaqstan temir jolы» kompaniyalari Toshkent va Olmaota shaharlari o‘rtasida yo‘lovchi poyezd harakatini tashkil etishga kelishdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar qildi.

2 maydan boshlab haftada uch marotaba Olmaota-2 — Toshkent — Olmaota-2 yo‘nalishida ½-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu poyezd «Toshkent-Markaziy» vokzalidan har seshanba, payshanba va yakshanba kunlari jadval asosida Qozog‘istonga jo‘nab ketadi. O‘zbekiston tomonga esa «Olma-ota-2» temir yo‘l vokzalidan har dushanba, chorshanba va shanba kunlari qatnaydi.

«Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, 18 mart kuni Qozog‘istonga ikki yillik tanaffusdan keyin yana poyezdlar harakati tiklangani haqida xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, 1 apreldan boshlab Nukus — Beyneu — Nukus yo‘nalishidagi 647/648-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.