Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanganidan beri mamlakat qo‘shinlari qurbonlari haqida ikkinchi marotaba ma’lumot berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib 1351 nafar harbiy xizmatchi urush harakatlarida halok bo‘lgan, 3825 nafari yaralangan. Rossiya mudofaa vazirligi birinchi marotaba qurbonlar haqida 2 mart kuni ma’lumot bergan edi. O‘shanda 498 nafar kishi halok bo‘lganligi, 1597 nafari yaralanganligi aytilgan edi.

Shuningdek, Rossiya urushning bir oyi davomida Ukraina qo‘shinlarining yo‘qotishlari 30 ming atrofida bo‘lganligini ta’kidladi. Rossiya tomoni Ukrainaning havo kuchlari va havo kuchiga qarshi himoya tizimi deyarli to‘liq yo‘q qilinganligini, endilikda mamlakatning dengiz kuchlari umuman yo‘qligini ma’lum qildi.

Mudofaa vazirligi harbiy operatsiyaning birinchi bosqichi asosiy vazifalari amalga oshirilganini ta’kidladi.

«Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning blok qilingan hududlarida bo‘lishi Kiyevning kuchlarini cheklaydi, Donbassdiga guruhni kuchaytirishga yo‘l qo‘ymaydi. Biz boshlanishida vayronagarchiliklar oldini olish va shaxsiy tarkib hamda tinch aholi orasidagi yo‘qotishlarni minimallashtirish uchun ularga hujum uyushtirmoqi emasdik. Bizning kuchlarimiz va vositalarimiz asosiy masalaga qaratiladi — Donbassning to‘liq ozod qilinishi», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Ukraina Qurollik kuchlari Genshtabi 25 mart kuni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomonining yo‘qotishlari 16 100 kishini tashkil etgan. Shuningdek, Ukraina tomoni Rossiyaning 561 ta tanki, 1625 ta harbiy zirhli mashinasi, 291 ta artilleriya tizimi, 49 ta havo hujumiga qarshi himoya tizimi, 125 ta vertolyoti, 1089 avtomobil texnikasi, 18 ta maxsus texnikasi va boshqa harbiy qurilmalarini yo‘qotganligini ta’kidladi.

Oldinroq Times nashri NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari urush boshlanganidan beri 7 000 dan 15 000 gacha odam yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. «Voice of America» jurnalisti Jeff Seldining xabar berishicha, umumiy yo‘qotishlar, yaralanganlar, asirga tushganlar yoki daraksiz yo‘qolganlarni hisobga olgan holda, 30 mingdan 40 minggacha bo‘lishi mumkin.

Urush paytida mojaro tomonlarining rasmiy vakillari tarqatayotgan muammolarni tekshirishning iloji yo‘q. Har qanday ma’lumotga ehtiyotkorlik bilan yondashishni tavsiya qilamiz.