Sayyohlar shaharga kelishi bilan birinchi bo‘lib vokzal binosini ko‘rishadi. Temiryo‘l vokzallarining arxitekturasi odamlarda shahar va hudud haqida taassurot shakllanishiga ta’sir qiladi — bekorga ularni pochta kartochkalarida tasvirlashmagan.

O‘zbekiston vokzallarida oxirgi yillarda olib borilgan ta’mirlash ishlari vokzallarning ko‘rinishini bir xil qilib qo‘ydi. Yangi vokzallar bir-biriga o‘xshash loyihalar asosida qurilmoqda, bu esa bir xillikka olib kelmoqda va shaharlarning o‘ziga xosligini aks ettirmaydi. Poyezd derazasidan qaragan kishi qaysi shaharga yetib kelganligini bilmaydi. O‘quvchilar quyidagi testda vokzalga qarab shaharni topishga urinishlari va buning qanchalik qiyinligiga o‘zlari amin bo‘lishlari mumkin.

Testni bajaring

Arxitektura tarixchisi Vadim Bass Arzamas ta’lim loyihasiga aytganidek, arxitektorlar vokzallarni loyihalashtirganda ilgari duch kelmagan muammolarni yechishlariga to‘g‘ri kelgan: chiroq, ventilyatsiya, akustikaning maxsus loyihalashtirilishi, soyabonli platformalar, kutish zallarini loyihalashtirish. Ushbu detallar vokzalni o‘z zamonasining eng «xaytek"li arxitektura janriga aylantirgan.

Tarixda ko‘plab yirik vokzallar individual loyihalar bo‘yicha qurilgan, ularni loyihalashtirishga esa dong‘i ketgan arxitektorlar jalb qilingan. Ularning ko‘rinishi tanlov asosida aniqlangan. Chunki vokzal faqatgina yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni nazarda tutmaydi. Arxitektor Bobir Klichevning «Gazeta.uz»ga ta’kidlashicha, joy konteksti, uning tarixi va atrofida joylashgan binolar qurilish xarakteriga ta’sir qiladi. Shuning uchun ham vokzal — bu arxitektura orqali odamlar bilan muloqot qilish va ularga tashrif buyurgan shaharlari madaniyati haqida hikoya qilish mumkin bo‘lgan joy.


Arxitektor Georgiy Svarichevskiy loyihasi asosidagi Toshkent yo‘lovchi vokzalining (bugungi Toshkent Shimoliy vokzali) surati tushirilgan pochta kartochkasi. 1899 yilda qurilgan. Foto: Tashkent Retrospective.


1957 yilda Shimoliy vokzal rekonstruksiya qilindi. Svarichevskiy loyihasi «xrushevka» binolari ko‘rinishini oldi.

2000-yillar o‘rtasida Toshkent Shimoliy vokzali alyukobond va ko‘k oynalar bilan «bezatildi», vokzal atrofidagi maydon to‘siqlar bilan o‘rab olindi. Yangi «trend» mamlakatning boshqa shaharlarida ham davom ettirildi.

«Ko‘plab mavjud vokzallar tarixiy ahamiyatga ega, va buni saqlab qolish kerak edi, — dedi Bobir Klichev. — Samarqand vokzali bunga yaxshi misol. Yomon misol esa — 100 yildan ko‘proq vaqt oldin qurilgan, zamonaviy O‘zbekiston hududidagi birinchi vokzal — Kogondagi vokzal. Uni oddiy alyumin saroyga aylantirishdi, vaholanki tarixiy binolarni va ularning o‘ziga xosligini saqlab qolib, vokzalni kengaytirish, takomillashtirish va rivojlantirishning minglab usullari bor».