Shu hafta turli qit’alarda 2022 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqish uchun saralash o‘yinlarining navbatdagi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Hozirgacha Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etadigan 32 ta terma jamoadan 19 tasi ma’lum bo‘lgan.

Yevropa

Yevropada oxirgi 3 ta yo‘llanma uchun kurashayotgan terma jamoalar payshanba kuni pley-off o‘yinlarining yarim final o‘yinini o‘tkazishdi.

Favoritlardan biri deb hisoblangan Italiya terma jamoasi o‘z uyida Shimoliy Makedoniyaga 1:0 hisobida yutqazib, Qatardagi jahon chempionatidan mahrum bo‘ldi. Mehmonlarning yagona golini o‘yinning oxirida, qo‘shib berilgan daqiqalarda Aleksandar Traykovski urdi.

Italiya o‘z tarixida birinchi bor ikkita ketma-ket jahon chempionatida qatnashmaydigan bo‘ldi. 2018 yilgi Rossiyada o‘tgan mundialda ham «adzurra» ishtirok etmagan.

Boshqa o‘yinda Krishtianu Ronaldu sardorligidagi Portugaliya terma jamoasi Turkiya bilan kuch sinashdi va Otavio, Jota hamda Nuneshlarning gollari evaziga 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Turkiyaliklarning yagona golini Yilmaz urdi.

Diogu Jota Turkiya darvozasiga gol urgandan so‘ng. Foto: UEFA.

Shuningdek, saralashning boshqa o‘yinlarida Shvetsiya Chexiya ustidan minimal hisobda (1:0) g‘alaba qozondi. G‘oliblarning yagona golini qo‘shimcha taymda Kvayson kiritdi. Uels terma jamoasi esa Garet Beylning dubli evaziga Avstriyani 2:1 hisobida mag‘lub qildi.

Shotlandiya va Ukraina terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin iyun oyiga qoldirilgan edi. Rossiya o‘yinlardan chetlatilganidan so‘ng esa Polsha saralash finaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi.

Endi 29 mart kuni Shimoliy Makedoniya Portugaliya terma jamoasiga qarshi, Polsha Shvetsiyaga qarshi maydonga tushishadi. G‘olib terma jamoalar jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Yana bir juftlikda Uels Shotlandiya va Ukraina o‘rtasidagi o‘yinda o‘z raqibining aniqlanishini kutadi.

Janubiy Amerika

Ushbu qit’adan Qatardagi jahon chempionatida qatnashadigan yana ikkita terma jamoaning nomi aniq bo‘ldi.

Urugvay Peru ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, mundial yo‘llanmasini hal qilgan bo‘lsa, Ekvador Paragvayga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi, lekin yaqin ta’qibchilaridan o‘zib ketganligi uchun jahon chempionatiga yo‘l oldi.

Urugvay terma jamoasi. Foto: KONMEBOL.

Boshqa o‘yinlarda, Qatarga yo‘llanmani hal qilib bo‘lgan Braziliya termasi Chili ustidan yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozondi, Kolumbiya 3:0 hisobida Boliviyani yengdi.

Osiyo qit’asi terma jamoasiga qarshi kvalifikatsiya o‘yinlarida qatnashish imkoniyatini beruvchi 5-o‘rin uchun Peru, Kolumbiya va Chili kurashadi. Saralashning oxirgi tur o‘yinlari Toshkent vaqti bilan 30 mart kuni saharda bo‘lib o‘tadi.

Shimoliy va Markaziy Amerika

Mundialda KONKAKAFdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatanashadigan uchta terma jamoa nomi hali aniq emas. Saralash o‘yinlari yetakchisi Kanada Kosta-Rikaga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi, boshqa favoritlar Meksika va AQSh o‘zaro durang o‘ynashdi.

Kosta-Rika o‘yinchisi Borxes Kanada darvozasini ishg‘ol qilgandan so‘ng. Foto: KONKAKAF.

Guruhdagi yo‘llanmalar taqdiri 28 va 31 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan turlarga bog‘liq. Yuqoridagi to‘rtta jamoadan tashqari Panama ham yo‘llanmalarga da’vogarligicha qolmoqda. To‘rtinchi o‘rin egasi yozda Okeaniya mintaqasi terma jamoasiga qarshi qo‘shimcha yo‘llanma uchun bahs olib boradi.

Afrika

Ushbu qit’adan jahon chempionatida qatnashadigan beshta terma jamoalar nomi 25 va 29 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘yinlardan keyin ma’lum bo‘ladi. 10 ta terma jamoa juftlikka bo‘linib, ikkitadan o‘yin o‘tkazadi va o‘yinlar natijasida g‘alaba qozongan terma jamoa mundialga yo‘l oladi.

Saralashning so‘nggi bosqichida Afrika kubogi finali ishtirokchilari, «Liverpul» yulduzlari Muhammad Saloh (Misr) va Sadio Mane (Senegal) terma jamoalari o‘zaro o‘ynaydi. Shuningdek, Kamerun-Jazoir, Gana-Nigeriya, Kongo DR-Marokash, Mali-Tunis juftliklari orasida ham yo‘llanma egalari aniqlanadi.

Sadio Mane va Muhammad Saloh Afrika kubogi finalidan so‘ng. Foto: FIFA.

Osiyo

Osiyo qit’asidagi saralash o‘yinlarining oxirgi bosqichidan o‘rin olgan 9-tur uchrashuvlarida ham ikki terma jamoa mundial yo‘llanmasini naqd qildi.

Avstraliya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan Yaponiya temra jamoasi o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga chiqdi. Saudiya Arabistoni esa Xitoy bilan 1:1 hisobida durangga erishib, ushbu guruhda ikkinchi o‘rinni naqd qilib qo‘ydi va Qatarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ldi.

Yaponiya terma jamoasi. Foto: FIFA.

Boshqa guruhda yo‘llanmalarni allaqachon hal qilib bo‘lgan Janubiy Koreya va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda koreyalik futbolchilar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Okeaniya

Ushbu mintaqada terma jamoalar ikki guruhga bo‘lingan holda o‘yinlarni Qatarda o‘tkazishmoqda. Guruhlarda birinchi ikki o‘rinni egallaganlar yarim finalga chiqadi. 30 mart kuni Doxada bo‘lib o‘tadigan finalda mintaqa g‘olibi aniq bo‘ladi. Vanuatu va Kuk orollari terma jamoalarida koronavirus kasalliklari soni oshib ketganligi uchun, ular musobaqadan chiqib ketishdi.

G‘olib jamoa yozda Shimoliy va Markaziy Amerika mintaqasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoaga qarshi maydonga tushadi va jahon chempionatiga qo‘shimcha yo‘llanma uchun bahs olib boradi. Ushbu mintaqada favorit jamoa har doimgidek Yangi Zelandiya.