Shanba kuni respublikaning aksariyat hududida yana yomg‘ir yog‘adi. Yakshanba kuni ham havo harorati deyarli o‘zgarmaydi. O‘zgidromet hafta yakuniga qadar kutilayotgan ob-havo prognozini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 25 mart kunduz kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va bahoriy iliq ob-havo bo‘ladi. Havo +16…+19 daraja iliqgacha, janubda esa ba’zi joylarda +22…+25 darajagacha isiydi. Faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.

O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, bu bilan yomg‘ir mavsumi o‘z yakuniga yetgani yo‘q.

«Ammo yomg‘irlar mavsumi hali tugamadi. Ertaga O‘zbekistonga yana nam va salqin havoning bir qismi kirib keladi», — deyiladi xabarda.

Respublikaning shimolidan tashqari barcha viloyatlarda yana bulutli va yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi. Kunduz kuni harorat +12…+15 darajagacha pasayadi.

Shuningdek, 25 va 26 martda respublikaning ayrim joylarida shamol 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni esa respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘ishi to‘xtaydi, faqat kechasi va ertalab Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

Dam olish kunlari tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor, deyiladi xabarda.