Namangan shahrida 1 dona AKS-74 jangovor o‘qotar quroli (avtomat), 3 dona o‘qdon va 43 dona o‘q-dorini sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, muqaddam Jinoyat Kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish) va 182- (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) moddalari bilan sudlangan A.O. (1983 y. t.) Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-buqa tumaniga borib, jinoiy aloqasidan avtomat va o‘q-dorilarini oladi hamda kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga o‘tkazgan.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.O. ushbu qurol va o‘q-dorilarni Namangan shahrida sotmoqchi bo‘lganida ushlangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 (Kontrabanda) va 248-moddalari (Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.