24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyat va istiqbollar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekiston inson kapitali ko‘rinishidagi qimmatli boylikka ega».

Ayni paytda O‘zbekistonda 35 mln kishidan ortiq, shundan 18 mlni (60 foizdan ko‘prog‘i) 30 yoshgacha bo‘lganlarni tashkil etadi. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 mln kishiga yetadi, bu tendensiya davom etsa, ularning 24 mln nafari yoshlardan iborat bo‘ladi.

«Bu aholining ko‘pchiligi mehnatga layoqatli yoshda bo‘lgan demografik dividend bosqichi deb ataladi. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli aholi savodli va kamida ikkita chet tilini (ingliz va rus) biladi», — deyiladi xabarda.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati.

«Bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2000 yillarda O‘zbekistonda yuzga yaqin IT-mutaxassis bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 50 mingga yetdi. 2030 yilga borib ularning sonini bir million kishiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifa qo‘yildi».- dedi Sherzod Shermatov.

Ta’kidlanishicha, 2021 yil yakuniga ko‘ra, IT-eksport hajmi 46 mln dollarga yetdi, bu 2020 yilga nisbatan (16 mln dollar) ikki baravar ko‘pdir. Joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 100 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

2028 yil oxirigacha esa eksport hajmi 1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Asosiy IT eksport bozorlari: AQSh (83,3 foiz), Buyuk Britaniya (5,2 foiz), Rossiya (3,2 foiz), Koreya Respublikasi (2,1 foiz) va BAA (1,1 foiz) hisoblanadi.

O‘zbekistondagi IT-kompaniyalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Xususan, IT-park rezidentlari hisoblangan IT-kompaniyalar 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan. IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ham ega.

IT-park rezidentlari qayerda joylashgan bo‘lishidan qat’i nazar, butun mamlakat bo‘ylab o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi ham bekor qilingan.

«Xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun yanada katta qulayliklar yaratish maqsadida „IT-visaberish tartibi tasdiqlandi. „IT-visa“ olish uchun minimal miqdordagi hujjatlar talab qilinadi va bu jarayon 3 kun davom etadi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar ham zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, O‘zbekistonning mintaqadagi qulay geografik o‘rni, bu tufayli respublika Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi IT xabga aylanishi mumkinligini ham ta’kidlash lozim.

Xususiy IT sektori jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bugungi kunda IT-park 500 dan ortiq rezidentlarga ega, ularning 15 foizi yirik global va mahalliy kompaniyalardir. 2025 yilga kelib yirik va o‘rta IT-kompaniyalarni faol jalb qilgan holda rezidentlar sonini ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

«IT-ta’lim mutaxassislarni tayyorlash — bozor o‘sishi va farovonlik uchun yetarli ishchi kuchi bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois O‘zbekiston ta’limga, ayniqsa, IT-ta’limga katta kuch sarflamoqda. Sifatli ta’limsiz belgilangan maqsad va vazifalarga erishib bo‘lmaydi», — dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

Soha rahbari o‘z nutqida BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishga ham to‘xtaldi. Shu nuqtai nazardan, IT-park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy BPO kompaniyalari o‘zlariga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanishlari va O‘zbekistondan IT-mutaxassislarini raqobatbardosh shartlarda jalb etishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ular O‘zbekistonda o‘z bizneslarini kengaytirish uchun ofis xonalari va jihozlar, kamida olti oylik ijara haqi, kommunal xizmatlar, internetga ulanish xarajatlari ko‘rinishida investitsiyalar bilan ta’minlanishi mumkin. BPO kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan BPO maktablari ham yaratilmoqda.

Yakunda vazir Sherzod Shermatov O‘zbekistonda o‘z faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan barcha investorlar va xorijiy IT-kompaniyalarga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.