Davlat ekologiya qo‘mitasi Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasida joylashgan korxonalarning tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan o‘rganish olib bordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganishga Ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazining mobil laboratoriyasi jalb qilinib, hududdagi atmosfera havosidan namunalar olinib, tahlil ishlari amalga oshirilgan. Unga ko‘ra, ammiak moddasi 4 ta nuqtada — 1,5 dan 23,6 martagacha hamda vodorod sulfidi moddasi 2 ta nuqtada — 3,2 dan 4,6 martagacha belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlangan.

Hozirda me’yordan ortiq chiqqan moddalarni ajratib chiqaruvchi korxonalarni aniqlash, ularda ushbu moddalarni kamaytirish choralarini ko‘rish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘rganish yakunida sement ishlab chiqaruvchi «Moderna sement indasturiyes» MCHJ QK hamda gips ishlab chiqaruvchi «Sement xom ashyo savdo» MCHJlarida mavjud chang-gaz tozalash uskunalari nosozligi tufayli ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.