Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishda hokim qarori talab qilinmaydi

Prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda hokim qarori talab qilinmasligini ko‘zda tutgan farmonni imzoladi. Shuningdek, 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan migrantlarga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda alohida ustuvorlik beriladi.

Sherzod Shermatov — O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IT-park rezidentlari 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan, qolaversa, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari ham beriladi. Ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi esa bekor qilingan hamda 3 kun ichida «IT-visa» taqdim etiladi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar esa zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.

MOBIUZ va Tashkent City bog‘i sotiladi

MOBIUZ, Tashkent City, «O‘zdonmahsulot» korxonalari va qator tijorat banklarining davlat ulushlari sotiladi. Shuningdek, vazirlik va idoralar, hokimliklarning 3 oydan ko‘p foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyektlari ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.

2030 yilgacha vazirlik va idoralar xizmat mashinalarini elektromobilga almashtirish taklif etildi

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, vazirlik, idora va barcha budjet tashkilotlari xizmat mashinalarining 2025 yilgacha kamida 10 foizi, 2030 yilgacha 100 foizi elektromobillarga almashtiriladi. Qolaversa, «tez yordam» mashinalari ham 2023−2026 yillarda elektrda harakatlanuvchi transportga o‘zgartiriladi.

2023 yildan yangi qurilgan binolarda elektromobilni quvvatlash moslamalarini o‘rnatish majburiy bo‘lishi mumkin

Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023 yildan yangi barpo etiladigan turar va noturar tijorat ko‘chmas mulklarida elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishni majburiy etib belgilash taklif etilmoqda. Qolaversa, Toshkent shahri va viloyatidagi barcha AGTKSH va AYOQSHlari elektromobilni quvvatlash stansiyalari bilan ta’minlanadi.

Elektromobilda taksichilik qiluvchilar 2040 yilgacha litsenziya to‘lovlaridan ozod qilinishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, elektromobilda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanganlarni 2040 yilgacha litsenziya to‘lovlari va yig‘imlaridan ozod qilish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, elektromobil haydovchilari munitsipal avtoturargohlardan bepul foydalanishi mumkin. Avtoturargohlarga elektomobillarni tezkor quvvatlantiruvchi stansiyalar o‘rnatish taklifi ham bildirilmoqda.

Samarqandning yangi aeroporti 1 apreldan xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsata boshlaydi

Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayevaning xabar berishicha, Samarqandning yangi aeroporti 1 apreldan to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi. Hozirda aeroport majmuasini foydalanishga topshirish ishlari yakunlanmoqda.

Buxoroda Hyatt mehmonxonasi ochiladi

2023 yilda Buxoroda O‘zbekistondagi ikkinchi Hyatt mehmonxonasi ish boshlaydi. Ushbu tarmoqning birinchi mehmonxonasi 2016 yilda Toshkentda ochilgan edi, joriy yilning mart oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uni sotish jarayoni boshlanganini xabar qildi.

Energetika vazirligi huzurida «Milliy dispetcherlik markazi» tashkil etiladi

Energetika vazirligi huzurida «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi tashkil etiladi. Markazga yagona elektr energetika tizimini boshqarish, ushbu tizimning qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan parallel ishlashini ta’minlash, avariya holatlari yuzaga kelishining oldini olish va ularni bartaraf etish kabi vazifalar topshiriladi.

O‘zbekistonda Skype bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi

O‘zbekistonda Skype shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzuvchilar reyestridan chiqarildi. AKT vazirligi ushbu reyestrga kiritilgan boshqa xizmatlarga taqiqni bosqichma-bosqich olib tashlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

Farg‘ona viloyatida atmosferani ifloslantirayotgan 2 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hududidagi atmosfera havosida ammiak moddasi 4 ta nuqtada — 1,5 dan 23,6 martagacha, vodorod sulfidi moddasi 2 ta nuqtada — 3,2 dan 4,6 martagacha belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlandi. O‘rganish yakunida sement va gips ishlab chiqaruvchi 2 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Davlat organlari 2021 yilda ko‘pincha davlat xaridlari bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlamagan

Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov davlat organlari ochiqligining monitoringi yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 135 ta davlat organidan 80 tasi (60 foizi) 2021 yilning IV choragidagi davlat xaridlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilmagan. 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida esa veb-saytning o‘zi umuman ishlamaydi.

Shanba kuni yana yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, yakshanbada esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi

O‘zgidromet shanba kuni O‘zbekistonga yana nam va salqin havoning bir qismi kirib kelishini ma’lum qildi. Shu kuni respublikaning shimolidan boshqa barcha hududlarda yomg‘ir yog‘adi. Yakshanba kuni yomg‘ir to‘xtaydi. Dam olish kunlaridagi harorat +15 darajagacha isishi kutilmoqda.

Toshkent va Olmaota o‘rtasida yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

2 maydan boshlab Toshkent va Olmaota o‘rtasida yo‘lovchi poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi. Reyslar haftasiga uch martadan amalga oshiriladi.

Banklarning Uzcard va RFBdagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi

Prezident qarori bilan banklarning Uzcard va Toshkent fond birjasidagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilmoqda.

Mahallalar va jamoalardagi keksalar faolligi yanada oshiriladi

Prezident qaroriga muvofiq, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi keksalar bilan yanada faol hamkorlik qiladi. Bunda «tarbiyasi og‘ir» yoshlar bilan muloqotda bo‘lganlarga «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyiliga muvofiq moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Senat organik mahsulotlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senatorlar organik mahsulotlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, hujjat bilan ishlab chiqarish jarayoniga ma’lum bir talablar, xususan qayta tiklanadigan tabiiy resurslar va ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha vazifalar qo‘yilmoqda. Organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda pestitsid, gormon, antibiotik va kimyoviy qo‘shimchalarni qo‘llash taqiqlanmoqda.

Namanganda «Kalashnikov» avtomatini sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Namanganda muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan AKS-74 jangovor o‘qotar qurolini sotmoqchi bo‘lganida ushlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Test: Vokzalga qarab shaharni toping!

Vokzal — sayyohlar shaharga kelishi bilan ko‘radigan va ularda taassurot uyg‘otadigan birinchi bino. 2000-yillar o‘rtasida Toshkent Shimoliy vokzali rekonstruksiya qilindi, natijada vokzal arxitekturasi oq alyukobond va ko‘k oynalar bilan «bezatildi» va bino to‘siqlar bilan o‘rab olindi. Poytaxt vokzalining yangi ko‘rinishi mamlakatdagi boshqa bekatlarga ham o‘rnak bo‘ldi. Bugungi kunda bizning vokzallarimiz bir-biriga juda ham o‘xshash. Siz ularni ajrata olasizmi?