Samarqandning yangi aeroporti 1 apreldan to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

“Hozir biz aeroport majmuasini ishga tushirishni yakunlamoqdamiz, bu yerda bojxona va chegara nazorati, yo‘lovchi va bagajni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi yechimlar orqali o‘tish hajmini oshirish imkonini beruvchi yangi xizmat ko‘rsatish texnologiyasi joriy etilgan”, — deya aniqlik kiritdi kompaniya rahbari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan “Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish ufqlari” mavzuidagi muloqot davomida.

Ra’no Jo‘rayeva Samarqand aeroporti zamonaviy va ma’lum darajada eksperimental loyiha ekanligini ta’kidladi.

“Eng qiyini, aeroport faoliyatini to‘xtatmay turib, aerodrom va aerovokzal qurish edi. Aerodrom majmuasi ochilishidan taxminan bir oy oldin parvozlar to‘xtatildi”, — dedi u.

“Har birimizning o‘z investitsiya dasturimiz bor edi. Davlat hamkorining oldiga — aerodrom qurish, xususiy sherikning oldiga esa — terminal qurish vazifasi qo‘yilgandi”, — deya tushuntirdi Uzbekistan Airports rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni aeroport majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi terminal qurish loyihasi Air Maracanda xorijiy korxonasi va Uzbekistan Airports davlat hamkori o‘rtasida O‘zbekiston aviatsiya tarixidagi birinchi davlat-xususiy sheriklik kelishuvi doirasida amalga oshirildi.

Yangi terminal rejalashtirilgan reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizatsiya qilinishi esa samolyotlar to‘xtash joylari sonini 24 taga yetkazdi.