Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida 46 ta vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash shtabi tashkil etildi. Bu haqda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov 23 mart kuni prezident boshchiligidagi yig‘ilishdan keyin ma’lum qildi. ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kechayu kunduz ishlaydigan call-markazlar ochilgan (+998 71 238 52 52, 1094). «Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkorlar tomonidan muammolar, takliflar, tizimli yechimlar bo‘yicha murojaatlar tushmoqda. Bugungi kunga qadar 1150 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 350 tasi ijobiy hal etilgan», — dedi u.

Tadbirkorlar asosan kredit muddatini uzaytirish, xomashyo yoki asbob-uskunalarni olib kirish bilan bog‘liq muammolar, infratuzilma, eksport bozorlari va xorijiy hamkorlar izlash masalalari bo‘yicha murojaat qilmoqda.

«Ba’zi bir tadbirkorlarimizning eksportga chiqayotganda boshqa transport koridorlaridan foydalangani uchun transport-logistika xarajatlari oshayapti. Davlat rahbari xarajatlarni kamaytirish uchun eksportyorlarning transport xarajatlarining 70 foizgacha (hozir — asosan 50 foizgacha — tahr.) Eksportni rag‘batlantirish agentligi hisobidan qoplash bo‘yicha topshiriq berdi, hozir qaror loyihasi ustida ishlayapmiz», — dedi u.

ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari xorijiy davlatlar bilan ham Kaspiy dengizi orqali yuk tashish narxini 50 foizgacha kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi.

«Bundan tashqari, biz hamkor davlatlar bilan Ozarbayjon, Bokudan keladigan yuklash uchun 30 foizgacha chegirmalar [taqdim etish] bo‘yicha ham kelishib olindi. Qolaversa, boshqa transport yo‘laklarida ham ishlar olib borilyapti. Yaqin kunlarda Hindistonning Mumbay portidan Hindiston-Pokiston-Afg‘oniston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha birinchi bor shakar mahsulotlari karvoni kirib kelishi yo‘lga qo‘yildi. Endi bu tajribani ko‘proq ishlatishni davom ettiramiz», — dedi u.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishining oldini olish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan transport xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

«Jumladan, Qozog‘iston bilan shakar va bug‘doy mahsulotlarini temir yo‘l orqali bo‘lgan transport xarajatlarini 30 foizgacha kamaytirishga erishildi. Prezident [23 martdagi] yig‘ilishda endi ichki temir yo‘l tashish narxini pasaytirish bo‘yicha topshiriq berdi», — dedi Aziz Voitov.

Davlat rahbari tadbirkorlarning xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz yukini oshirmaslik bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishga ham topshiriq berdi, deya ta’kidladi u.

Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli tovarlar logistikasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi, bu esa yuk tashish narxining oshishiga olib keladi. O‘zbekiston bir necha yillardan buyon yuklarni yetkazib berishda janubiy yo‘nalishlarning rolini oshirish choralarini ko‘rmoqda — bu dengiz portlariga tezroq va arzonroq chiqish yo‘li hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil aprel oyida O‘zbekiston hali ham Rossiya yoki Qozog‘iston orqali mahsulot eksport qilishi kerakligi haqida ma’lum qilgandi. Transafg‘on temir yo‘li qurilgach, mamlakat eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, qo‘shni davlatlar esa o‘zbek mahsulotlarining tranziti uchun tariflarni pasaytiradi.