Har qanday vaziyatda ham hukumatning asosiy vazifasi — makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish hisoblanadi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov 23 mart kuni prezident boshchiligidagi yig‘ilishdan keyin ma’lum qildi.

«Bunda albatta budjetga ta’siri (Jahondagi voqealarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’siri — tahr.) hisob-kitob qilindi. Topshiriq olindi-ki, tasdiqlangan budjet taqchilligini [YAIMning 3 foizidan ortiq emas] saqlab qolish, ya’ni ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ish haqi, pensiya va nafaqalarning hammasini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha choralarni ko‘rib borish», — dedi u.

Bundan tashqari, soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlarni kechiktirib turish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi. Ularning ba’zilari tadbirkorlar tanqididan so‘ng, hukumat yon bosishga qaror qildi.

«Soliq ma’murchiligidagi barcha o‘zgarishlarni zarur bo‘lsa bir necha oyga yoki keyingi yilga qoldirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish — bu yo‘nalishda albatta tadbirkorlik subyektlari bilan ishlaymiz. Keyingi haftadan Soliq qo‘mitasi bilan anketa-savolnoma tayyorlayapmiz, ya’ni birlamchi tadbirkorlik subyektlaridan hozirgi vaziyatda qanday yangi muammolar paydo bo‘lgan va aynan soliq tizimi, soliq ma’murchiligi, umuman Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan, ularning fikri bo‘yicha biz nima yordam bera olishimiz mumkin. Ulardan fidbek olish maqsadida savolnoma tarqatamiz», — dedi Moliya vazirligi rahbari.

Avvalroq xabar berganimizdek, mazkur yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankka ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta’minlashda «ehtiyotkorona yondashuvni» qo‘llash vazifasini qo‘ydi.

Qolaversa, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov banklar va Markaziy bank O‘zbekiston aholisiga rublda pul o‘tkazmalarini uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, davlat tadbirkorlarga valyuta kreditlarini so‘mlik qarzga aylantirish imkoniyatini beradi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtiradi.

Bundan tashqari, Markaziy bankning asosiy stavkasi 17 foizga oshirilgan bo‘lsada, prezident yil oxirigacha ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida topshiriq berdi.