Iqtisodchilar Sergey Guriyev va Oleg Isxoki Germaniyaning Spiegel nashrida e’lon qilingan maqolasida Yevropaning Rossiya energosektoriga nisbatan sanksiyalari Ukrainadagi urushni to‘xtatishi mumkinligini ta’kidladi.

Mutaxassislarning fikricha, Ukrainadagi urushni to‘xtatishning eng tez yo‘li — Rossiya neft va gazini Yevropaga import qilishni taqiqlab, Kremlni harbiy harakatlarni davom ettirishga ko‘maklashuvchi mablag‘lardan mahrum qilishdir.

️Qayd etilishicha, Rossiya asosan Yevropaga neft va gaz yetkazib berish evaziga katta miqdorda mablag‘ ishlaydi (kuniga 500 million yevro). Neft va gaz daromadlari Rossiya budjetining eng muhim manbai hisoblanadi. 2021 yilda neft narxi sezilarli darajada pasaygan holatida neft va gaz soliqlari Rossiya budjetning 40 foizini tashkil etgan.

Iqtisodchilarga ko‘ra, Vladimir Putin xom ashyoni sotishdan tushgan daromadlarni, jumladan, Ukrainadagi urushni moliyalashtirishga ham yo‘naltiradi.

«Agar Rossiya budjeti neft va gaz eksportidan tushadigan daromaddan mahrum bo‘lsa, Putin askar va ofitserlarning maoshlarini qisqartirishi yoki pulni bosib chiqarishi kerak. Ammo pulni bosib chiqarish xavfli — inflyatsiya shundoq ham haftasiga 2% ga yetdi, eksportga taqiq qo‘yilgan vaqtda pul bosib chiqarish esa inflyatsiyani yanada tezlashtiradi. Ya’ni Rossiyadagi rejimning ustunlari — politsiya, byurokratlar va propagandachilarning real maoshi kamayadi», — deyiladi maqolada.

Mutaxassislarning fikricha, Rossiya neftini taqiqlash Yevropa iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi, ammo bunga dosh berish mumkin. Nemis iqtisodchilari embargoning qiymatini mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 0,5−3 foiziga, yoki aholi jon boshiga taxminan 120−1200 yevroga teng deb hisoblashdi. Ma’lum qilinishicha, bu mo‘’tadil turg‘unlik (iqtisodiy inqiroz) davriga teng yoki koronavirus pandemiyasi nemis iqtisodiyotiga yetkazgan zarardan kamroqdir. Shuningdek, Nobel mukofoti sovrindori Pol Krugman ham Rossiyaning neft va gaziga taqiqni Germaniyaning cho‘ntagi ko‘tara olishini bildirgan.

Bundan tashqari, mutaxassislar Rossiya nima sababdan Yevropaga eksport qilingan gazni Xitoyga yo‘naltira olmasligi haqida ham fikr yuritgan.

«Rossiya neftining yarmi va gaz eksportining to‘rtdan uch qismi Yevropaga to‘g‘ri keladi. Transport infratuzilmasidagi cheklovlar va Yevropa bozorining hajmini hisobga olgan holda, Xitoy va boshqa mamlakatlar hisobiga eksportni qoplashning iloji yo‘q».

Mutaxassislarga ko‘ra, agar embargo tezda kiritilmasa, Ukrainadagi urush Yevropada katta iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ta’kidlanishicha, u shundoq ham xo‘jalik aloqalariga zarar yetkazmoqda.

«Rossiya xom ashyosining Yevropaga importini taqiqlash Putinni urushni davom ettirish uchun zarur bo‘ladigan pullardan mahrum qiladi va uni mamlakat ichida zaiflashtiradi. Boshqa variantlar ko‘proq iqtisodiy yo‘qotishlar va siyosiy xatarlarga olib keladi», — deya o‘z mulohazalarini yakunlagan mutaxassislar.

22 mart kuni Yevropa ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mamlakatlar Rossiyaning energiya sektoriga nisbatan sanksiyalar qo‘llash masalasida bir qarorga kela olmayotgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, Germaniya va Niderlandiya vakillari Yevropa ittifoqi Rossiya nefti va gaziga qaramligi va undan aynan hozir uzila olmasligini ta’kidlagan.

Sal avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropa Rossiya energosektoriga nisbatan qo‘llashi mumkin bo‘lgan sanksiyalar haqidagi xabarlarga izoh berib, Rossiya neft yetkazib berishiga nisbatan embargo Yevropada energiya balanslariga jiddiy putur yetkazishi, bu qaror barchaga zarba bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Yevropada sodir bo‘layotgan energiya inqirozi 2021 yilda boshlangan edi. Yevropa ittifoqi tarkibiga kiruvchi 27 davlatning umumiy gaz importida Rossiyaning ulushi 40 foizni tashkil etadi. Shu sabab 2022 yil fevral oyida Ukrainada boshlangan «harbiy operatsiya» ortidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar qatorida gaz va neft sektori ham qo‘shilishi ehtimoli va Yevropa Rossiya gazisiz yashay olishi masalasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.