23 mart kuni AQSh Davlat departamentini boshqargan birinchi ayol Madlen Olbrayt 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda Davlat departamenti xabar berdi. Davlat departamenti vakili jurnalistlarga Olbrayt saraton kasalligidan vafot etganini aytgan, deyiladi BBC xabarida.

Madlen Olbrayt 1937 yilda Pragada tug‘ilgan. 11 yoshida ota-onasi bilan AQShga ko‘chgan va 1957 yilda Amerika fuqaroligini olgan. Keyinchalik Kolumbiya universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Siyosiy karerasini AQSh Demokratik partiyasida boshlagan, 1978 yilda prezident Jimmi Karter ma’muriyatida Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi etib tayinlanadi.

1997−2001 yillarda Bill Klintonning ikkinchi prezidentlik muddati davomida u AQSh davlat kotibi lavozimida ishlagan. Madlen Olbrayt AQShning NATOdagi pozitsiyasini kuchaytirish va urushdan oldingi davrda Iroqqa nisbatan sanksiyalar siyosatini qat’iylik bilan ilgari surgan siyosatchi sifatida mashhur bo‘lgan.

Ko‘pchilik Olbraytni 1999 yilda NATOning sobiq Yugoslaviya davlatini bombardimon qilishiga shaxsan javobgar deb hisoblaydi, hattoki bu harakatlar norasmiy ravishda «Olbrayt urushi» deb ham ataladi.

«Men [Bolqondagi harbiy operatsiya uchun] to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman, — degan edi Olbrayt o‘sha paytda, — «chunki biz Miloshevich rejalashtirayotgan narsaga qo‘l qovushtirib turolmaymiz. Insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganini kuzata olmaymiz».

Davlat kotibi lavozimidan ketgan Olbrayt Demokratlar partiyasida siyosatchilar va diplomatlarni tayyorlash bilan shug‘ullandi. 2003−2005 yillarda u Nyu-York fond birjasi direktorlar kengashi a’zosi edi.

2012 yilda Barak Obama sobiq Davlat kotibini Bolqonda tinchlik o‘rnatishdagi sa’y-harakatlari uchun mamlakatning eng oliy fuqarolik mukofoti — prezidentning «Ozodlik» medali bilan taqdirlagan edi.