Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Biz tadbirkorlarga qulaylik yaratishimiz, soliq yukini kamaytirishimiz kerak. Tadbirkorlarning katta toifasi oxirgi 3−4 yil ichida barcha kreditlarni dollarda olgan. Biz [oqibatlarni] yumshatish bo‘yicha takliflar berishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishdan so‘ng bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jashid Qo‘chqorov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida tijorat banklari va Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga rublda pul o‘tkazmalari amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu ishni uzluksiz davom ettirish topshirildi, dedi u.

Prezident Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish haqida topshiriq berdi.

«Ayrim tadbirkorlarda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi kreditni qanday to‘lash mumkin, degan xavotir bo‘lishi mumkin. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning avgust oyida prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda ushbu kreditlarni so‘mda to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu mexanizmdan istalgan tadbirkor foydalanishi mumkin», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi huzurida banklarning xorijiy valyutadagi kreditlarini bozor mexanizmlari asosida milliy valyutaga konvertatsiya qilish bo‘yicha valyuta risklarini boshqarish kompaniyasi tashkil etilgan. Natijada banklar chet el resurslari hisobidan milliy valyutada uzoq muddatli kreditlar bera boshladi.

oktabr oyida qarzi 1 million dollargacha bo‘lgan (umumiy qarz 2,5 milliard dollar) 15 mingdan ortiq korxonaga banklar tomonidan xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘mga konvertatsiya qilish bo‘yicha takliflar yuborilgani xabar qilingan edi. Xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘mga konvertatsiya qilishga atigi 561 ta korxona rozi bo‘ldi, biroq bu amaliyot davom etadi, degandi Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov.

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona to‘lovlarini nolga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. «Biz bu masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilamiz», dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari aniq qaysi tovarlar bojdan ozod etilishi rejalashtirilganini ma’lum qilmadi, biroq yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narx barqarorligini saqlash, aholi ehtiyojlarini qondirish, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish vazifalari qo‘yildi.

Mehnat migrantlari muammolarini hal qilish uchun Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari vakillaridan iborat maxsus shtab tashkil etishga qaror qilindi.

Prezident soha va hududlarda har kuni monitoring o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Korxonalarni aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun qaytariluvchi kreditlash tizimini yanada soddalashtirish muhimligi ta’kidlandi, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

«Transport-logistika masalalarini hal etish, jumladan, „O‘zbekiston havo yo‘llari“ MAK faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillarini qiynamaslik, ya’ni ortiqcha byurokratiya, tekshirishlar bilan qiynamaslik, ularni qo‘llab-quvvatlash, vijdonli soliq to‘lovchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi», — dedi u.

Avval xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy bank oldiga tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligini va valyuta kursining moslashuvchanligini ta’minlashga «ehtiyotkorlik bilan yondashish»ni qo‘llash vazifasini qo‘ygan edi.