Afg‘oniston muvaqqat hukumati Ta’lim vazirligi 23 mart kuni qizlar uchun o‘rta maktablar «keyingi xabarga qadar» yopiq qolishini e’lon qildi. Qizlarning maktabga qaytish sanasi ma’lum emas, deb xabar berdi TOLOnews.

Avvalroq, Ta’lim vazirligi chorshanba kuni 1-sinfdan 12-sinfgacha bo‘lgan barcha maktablar — ham o‘g‘il, ham qiz bolalar uchun qayta ochilishini e’lon qilgandi.

Biroq, maktab boshlanishining birinchi kunida 6-sinfdan kattaroq qiz bola o‘quvchilarga maktablarga kirish taqiqlandi yoki ularga darslar boshlanganidan bir necha soat o‘tgach, darsni tark etish buyrug‘i berildi.

«Erta tongda maktabga kelganimda juda xursand bo‘lgandim. Qarasam, direktorimiz yig‘layapti, sababini bilmadim. Keyin esa hamma o‘quvchilar yig‘lab yuborishdi», — dedi o‘quvchi qizlardan biri.

Amaldorlar maktablarning yopilishiga sabab sifatida ayollar kiyimi bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatdi. «Biz hijob kiyib yuramiz. Ular boshqa yana qanday hijob turini nazarda tutayotganini bilmaymiz», — deydi boshqa bir qiz.

BMT afg‘on hukumatining o‘rta maktab o‘quvchilarini o‘z partalariga qaytarishni keyinga qoldirish haqidagi qaroridan xavotirda, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

«Yangi o‘quv yili boshlanishini barcha o‘quvchilar, qizlar va o‘g‘il bolalar, ularning ota-onalari, butun oilasi intiqlik bilan kutayotgan edi. De-fakto hokimiyatning layoqatsizligi ularning bir necha bor va’da berishiga qaramasdan, 6-sinfdan kattaroq qizlar uchun maktablar qayta ochilmasligi chuqur umidsizlikka tushirdi. Bu Afg‘onistonga jiddiy zarar yetkazadi», — dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish bayonotida.

BMT rahbari qizlarni ta’limdan mahrum etish nafaqat ularning huquqlarini poymol qilishini, balki afg‘on ayollari va qizlarining ulkan salohiyatini hisobga olgan holda mamlakat kelajagiga tahdid solayotganini ta’kidladi.

«Men Tolibonning de-fakto hokimiyatini kechiktirmasdan barcha o‘quvchilar uchun maktablarni ochishga chaqiraman», — dedi Antoniu Gutterish.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Tolibonni o‘z majburiyatlari va oldingi va’dalarini bajarishga chaqirdi.

«De-fakto hokimiyatning qizlarga ta’lim berish bo‘yicha qayta-qayta va’da berishlariga qaramay, oltinchi sinfdan keyin qizlar uchun maktab ochilmagani, shu jumladan mening Kobulga ikki hafta oldin qilgan tashrifim davomida ham — Afg‘onistonga jiddiy zarar yetkazmoqda», — dedi Mishel Bachelet. Uning qo‘shimcha qilishicha, gap nafaqat qizlarning ta’lim olish huquqidan mahrum qilinganligi, balki ular zo‘ravonlik va ekspluatatsiya oldida yanada himoyasiz bo‘lib borayotgani haqida ketmoqda.

Oliy komissarning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Kobulga tashrifi chog‘ida u afg‘on ayollari bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘lgan, ular mamlakatni qamrab olgan iqtisodiy va gumanitar inqirozdan chiqish yo‘li haqidagi tasavvurlari bilan o‘rtoqlashgan. Mishel Bacheletning xabar qilishicha, uning suhbatdoshlari Tolibonga o‘z rejasini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirishgan. «Ular boshlang‘ich, o‘rta va oliy darajada sifatli ta’lim olishda teng huquqli bo‘lishni talab qilishdi va maktablarning qayta ochilishini intiqlik bilan kutishgandi», — deya qo‘shimcha qildi Mishel Bachelet.

BMT Oliy komissarining ishonchi komilki, Afg‘oniston aholisi yarmining huquqlaridan mahrum etilishi samarasiz va adolatsiz. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kamsitish mamlakatning kelajakda qayta tiklanishi va rivojlanishi istiqbollariga putur etkazadi.

U toliblarni «barcha qizlarning ta’lim olish huquqlarini hurmat qilishga va kamsitishlarsiz hamda kechiktirmasdan barcha o‘quvchilar uchun maktablarni ochishga» chaqirdi.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel ham bayonot bilan chiqdi.

«Bugun Afg‘oniston bo‘ylab millionlab o‘rta maktab o‘quvchilari maktabga qaytib, o‘qishni davom ettirish umidida uyg‘ondi. Ammo, tez fursatlarda ularning umidlari puchga chiqarildi», — dedi UNICEF rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror o‘smir qizlarning butun bir avlodini kelajak farovonligi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum qiladi.