BMT bosh sekretari Antoniu Guterrish 22 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Ukrainada olib borayotgan «bema’ni urushni» to‘xtatishga chaqirdi.

«Bir oy oldin Rossiya Federatsiyasi Ukrainaning suveren hududiga bostirib kirdi, shu bilan BMT ustavini buzdi. Bunga qadar Rossiya bir necha oylar davomida Ukraina chegaralari bo‘ylab harbiy kuchlarini oshirib bordi», — deya ta’kidladi xalqaro tashkilot rahbari.

«Bir oydan beri biz odamlarning dahshatga soladigan azoblanishlarini hamda shaharlar va qishloqlardagi buzilishlar guvohi bo‘lyapmiz: aholini terror ostida ushlovchi tizimli bombardimonlar, shifoxonalar, maktablar, turar joylar va panoh joylarining o‘qqa tutilishi. Va vaziyat faqat keskinlashib bormoqda: har bir soat bilan oqibatlar yanada talofotli va noaniq bo‘lib bormoqda», — dedi BMT bosh kotibi.

«Bu urush shiddat bilan noaniqlik tomon ketyapti. Ikki haftadan ortiq Mariupol bombardimon, o‘qqa tutish va hujum qilishni davom ettirayotgan Rossiya armiyasi tomonidan qurshab olingan. Qanday maqsadda? Mariupol qulasa ham, Ukrainani shahar orqasdian shahar, ko‘cha orqasidan ko‘cha, uy ortidan uy shaklida bosib olib bo‘lmaydi», — dedi Antoniu Guterrish.

«Ukrain xalqi hozir haqiqiy do‘zaxni boshidan kechiryapti, urush oqibatlari esa butun dunyo bo‘ylab sezilmoqda: oziq-ovqat mahsulotlari, energotashuvchilar va o‘g‘itlarga narxlarning oshib borishi keng ko‘lamli oziq-ovqat defitsiti va ochlikka olib kelishi mumkin», — deya ogohlantirdi u.

Foto: BMT.

Rivojlanayotgan davlatlar shundoq ham COVID-19 va adekvat moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi sababli katta bosim ostida edilar, endi ular bu urush uchun ham katta haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi, deya ta’kidladi BMT bosh kotibi.

«Turli tomonlar bilan suhbatlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bir nechta muhim masalalar bo‘yicha diplomatik progress alomatlari ko‘rinib qoldi. Hozirning o‘zida harbiy harakatlarni to‘xtatish va jiddiy dialogni boshlash uchun muzokaralar stolida barcha kerakli narsalar mavjud. Ertami-kechmi tomonlar urush maydonidan muzokaralar stoliga o‘tishlari kerak bo‘ladi, bundan qochib bo‘lmaydi».

«Masala shundaki, yana qancha bomba tushishi kerak? Yana nechta „mariupollar“ buzilish kerak? Bu to‘xtatish uchun Ukrainada yana qancha odamlar halok bo‘lishi va dunyo bo‘ylab qancha odamlar ochlikka duchor bo‘lishi kerak? Bu urushda g‘oliblar yo‘qligi, faqat mag‘lublar bo‘lishi anglanishi uchun qancha ukrainlar va ruslar o‘ldirilishi kerak?», — deya savol bilan yuzlandi BMT rahbari.

«Ukrainadagi urushning davom etishi axloqiy jihatdan noto‘g‘ri, siyosiy jihatdan asossiz va harbiy nuqta’i nazardan ma’nosiz… Har qanday vaziyatda ham, har qanday hisob-kitoblar bilan ham jangovar harakatlarni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatilishiga imkoniyat berilishi kerak. Bu be’mani urushni to‘xtatish vaqti keldi», — dedi Antoniu Guterrish.