18 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Moliya vazirligiga davlat ulushi mavjud banklarni kompleks transformatsiya qilish va xususiylashtirish va quyidagilarni ta’minlash buyurilgan:

  • 2022 yil 1 oktabrga qadar — «Qishloq qurilish bank» ATBning aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO);
  • 2022 yil yakuniga qadar — Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda «O‘zsanoatqurilishbank» ATB va «Asakabank» ATBning davlat ulushlari savdoga chiqarish;
  • 2023 yil 1 iyulga qadar — AT «Xalq banki», «Mikrokreditbank» ATB, AT «Aloqabank», «Agro bank» ATB, «O‘zmilliybank» AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO).

Prezident qaroriga muvofiq, ushbu vazifalarning ijrosini sifatli va o‘z muddatida ta’minlashga tegishli tijorat banklarining boshqaruv raislari shaxsan mas’ul bo‘ladi.

O‘tgan yil noyabr oyining oxirida Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev O‘zbekiston bank tizimi holatining sharhini taqdim etgan edi va uni rivojlantirishning istiqbolli bosqichlarini keltirgan edi. Unga ko‘ra, dollarlashuv darajasini pasaytirish maqsadida Moliya vazirligi huzurida xedj-fond tashkil etilmoqda, valyuta kreditlarini jalb qilishda esa «ehtiyotkorlik siyosati» olib boriladi. 2025 yilda bank sektoridagi hukumat ulushini amaldagi 82 foizdan 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.