19 mart kuni «B. Konisbayev» (Turkiston viloyati) o‘tkazish punktida O‘zbekistondan Qozog‘istonga 70 million tengelik (taxminan 1 mlrd 600 mln so‘m) avtomobillarni noqonuniy olib kirishga uringanlar aniqlandi. Bu haqda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekistondan kirib kelayotgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish vaqtida chegara xizmati xodimlari tomonidan 3 ta yuk mashinasi to‘xtatilgan. Mashina yukxonalarida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 6 ta yengil avtomobil topilgan.


Foto: Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi

Qonunbuzarlik sodir etgan Qozog‘iston fuqarolari kontrabandaga urinishda ayblanib, qo‘lga olingan. Ushlab qolingan yuk Turkiston viloyatidagi Iqtisodiy tergov departamentiga o‘tkazilishi ma’lum qilingan.


Foto: Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Husan Tangriyevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishcha, bu yuklar O‘zbekistondan tranzit tarzida o‘tayotganda barcha tegishli hujjatlarga ega bo‘lgan.

«Xorijiy yengil avtomashinalar ortilgan 3 ta yuk avtotransport vositasi 17−18 mart kunlari tranzit tarzida harakatlanish uchun O‘zbekiston hududiga kirib kelgan. Bunda bojxona organlariga barcha tegishli hujjatlar taqdim qilingan va 19 mart kuni qo‘shni davlatga chiqarib yuborilgan. Ya’ni haqiqatdan ham yengil avtomashinalarga tegishli barcha hujjatlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim qilingan, qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan. Yuk avtotransport vositalari inspeksion ko‘rik majmuasi orqali nazorat-rengendan o‘tkazilgan», — deya ta’kidladi u.

O‘zbekistonda nazorat-rengendan o‘tkazilgan yuk avtomobilining ichki ko‘rinishi. Foto: Husan Tangriyev

Uning ma’lum qilishicha, mashinalar ortilgan yuk mashinasi Tojikistondan kelib, O‘zbekiston orqali Qozog‘istonga ketayotgan bo‘lgan.