21 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya prezidenti Shavkat Mirziyoyevni va O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan tabrikladi. Yetakchilar mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan ham bir-birini qutladilar.

«Keyingi yillarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi misli ko‘rilmagan yuksak — strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga chiqqani mamnuniyat bilan ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

O‘tgan yil yakunida o‘zaro savdo ko‘rkatkichi 7,5 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 50 foizga ortdi. Rossiyaning nufuzli delegatsiyasi 24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent Xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etishi kutilmoqda, deya ta’kidlanadi xabarda.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha, davlat rahbarlari «mintaqa va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashishgan».

Kreml matbuot xizmati, o‘z o‘rnida, suhbat «O‘zbekiston tomoni tashabbusi» bilan bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

«Vladimir Putin Donbass respublikalarini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning borish jarayoni haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston prezidenti Rossiya tomonining pozitsiyasi va harakatlari haqida tushunish bilan fikr bildirdi», — deyiladi xabarda.

25 fevral kuni ham prezidentlar Ukraina atrofidagi holatni muhokama qilishgan edi. O‘shanda ham davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari bergan xabarlar bir-biridan farq qilgandi. Kreml Shavkat Mirziyoyev «Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni tushunishini bildirganligini» ma’lum qilgan edi. O‘zbekiston tomonining xabarida bu haqida hech narsa deyilmagandi.

Keyinroq O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari masalasida «vazmin, neytral pozitsiyada» ekanligini ta’kidladi.

17 mart kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi nutqida O‘zbekiston Ukrainadagi harbiy harakatlarning zudlik bilan to‘xtatilishi tarafdori ekanligi va mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini qayd etdi. «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — degan edi tashqi ishlar vaziri.

18 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQSh diplomatik missiyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda ham Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi. O‘zbekiston yana bir marotaba pozitsiyasi o‘zgarmasligini bildirib, tinch va neytral yondashuvda bo‘lish kerakligi hamda vaziyatning siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini qayd etdi.