Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Dorbozlar shousiga
xush kelibsiz!
O‘zbek milliy sirki – anʼanaviy xalq ovunchog‘i bo‘lib, haligacha hududlar aholisi uchun televizor o‘rnini egallab keladi. Ahrorbek G‘ulomovning “Ahrorbek dorboz” truppasiga mamlakatning turli hududlaridan artistlar yig‘ilgan bo‘lib, mana olti yildirki akrobatlar va masxarabozlarning chiqishlari bilan Markaziy Osiyo tomoshabinlarini hayratga solib kelmoqda. Dasturning mag‘zi – dorbozlar. Ko‘chma sirk qanday yashaydi, artislar qadimgi anʼanalarini nima uchun saqlab kelmoqdalar va ushbu anʼanalar zamiriga dolzarb muammolar qanday qilib singdirilgan – “Gazeta.uz” muxbiri Madina Aʼzam fotoreportajida.
“Ey Alloh, yuzimni yorug‘ qil. Bismillahir Rohmanir Rohiym”, — degancha oppoq yarqirab turgan kostyumchadagi, boshiga yarqirab turgan qiyiqcha kiygan, oq krossovkali yetti yoshli Shamshodbek oq “Isuzu” avtobusidan tushib, kulrang asfalt va chang gilamlar ustiga o‘rnatilgan yasama sirk manejiga yo‘l oladi.

Ajoyib fevral kuni. Musaffo osmon ostida Compas savdo majmuasi oldidagi maydonga dor ustunlari o‘rnatilgan. Tomoshabinlar o‘rindiqlarga o‘tirishgan, ayrimlari cho‘kkalab olishgan. Aravachilar esa o‘z aravalariga. Barcha yig‘ilganlar tomoshani ishtiyoq bilan kuzatishmoqda. Olomon orasida paxtaqandlarning pushtirang buluti kezib qoladi, qaynoqqina bodroqlar hidi ufuradi.
Kichkina Shamshodbekni boshlovchi maqtayapti. “Shamshodbek qariyb 100 yoshda, u truppaning eng keksa aʼzosi”, — deya so‘z o‘yini qiladi suxandon.

Olomon orasidan bir nechta mast erkaklarni payqayman. Sanʼatkorlarni ismi bilan chaqirishlariga qaraganda, ichkilik ishqibozlari bo‘lgan bu odamlar – doimiy tomoshabinlar.

“100 ming beraman, 10 ta salto otib ber”, — qiyqirishadi erkaklar. Sirkchilarning bundan jahllari chiqsa ham, o‘zlarini bosishadi.

Mitti Shamshodbek asfaltli manej o‘rtasiga chiqadi va ayyorlik bilan tabassum qilgancha tomoshabinlarga shart qo‘yadi:
“Qarsak bo‘lsa salto otaman”
Shamshodbek to‘xtab turgan mashina ustidan salto otmoqchi bo‘ladi. Qo‘rquv uning bola yuzini qamrab oladi, qop-qora ko‘zlariga yosh quyiladi. Truppa rahbari Ahrorbek G‘ulomov buni payqab, bolakay sakramasligini, chunki olqishlar unga kamlik qilganini aytadi.

“Nega yig‘laysan, unday qilib sharmanda qilmagin. Salto otavermaysanmi, ushlab qolamiz-ku”, — deydi otasi bola “Isuzu”ga qaytganida. So‘ngra bolasini bag‘riga mahkam bosib, uni tinchlantiradi.
“Shamshodning ustida hali ishlashimiz kerak. 3 yildan so‘ng professional bo‘lishini xohlayman”, — deydi uning ustozi Ahrorbek G‘ulomov. Hozir uning chiqishi. Maydon musiqa ovozidan larzaga kelmoqda. Bugungi didjey – Dilmurod polvon. U avtobus salonidagi chang pult boshida.

“Hammani qoyil qoldiradigan sehrli dorboz sohibi”, — deya hayqiradi boshlovchi mikrofondan.

“Qarsak bo‘lsa, dorga chiqaman”, — avtobusdan Ahrorbek G‘ulomovning ovozi keladi.

Dasturning eng kutilgan qismi boshlanmoqda. Tomoshabinlar ishtiyoq bilan qarsak chaladi, biroq artist ko‘rinmaydi. U avtobus eshigini qiya ochib luqma tashlaydi:
“Bu deyman Qo‘yliq xalqining kuchi yo‘qmi, qarsak eshitilmayapti,
yigitlar bormi hushtak chalib, baqiradigan?”
“Ajoyib dorboz!” — takrorlaydi boshlovchi.

Ahrorbek G‘ulomov maydonga kashtali oq ko‘ylak, qora shim, milliy do‘ppi, paxtagul naqshli qora mahsi (charm etik – tahr.) va olti metrli langar-cho‘p bilan kirib keladi. Uning kamariga arqonli karabin ulangan. U yuzida tabassum bilan yerga qoqilgan arqon ustiga chiqib, u bo‘ylab mohirlik bilan yuqoriga odimlaydi. Arqon yerdan 12 metr balandlikda qad rostlagan.
Dorboz ortida rang-barang bayroqlar hilpiraydi. Tomoshabinlar boshlarini osmonga ko‘tarib, zavq bilan tomosha qilmoqdalar. Dorboz bir oyog‘ini arqondan olib, oldinga egiladi — “qaldirg‘och” mashqini ado etadi. U yana qaddini rostlab, arqonning qarama-qarshi tomoniga, O‘zbekiston davlat bayrog‘i tomon ilgarilaydi.

Axrorbek G‘ulomov ilk bor uch yoshida arqon ustiga chiqqan. Otasi o‘g‘lini yelkasiga mindirib, balandlikda qushdek muallaq turardi. Ahrorbek – qo‘qonlik dorbozlar sulolasidan. Bolaligidanoq u otasiga xizmat safarlarida hamroh bo‘lgan. Ular mamlakatning turli hududlarida, yozda qishloqlarda, qishda shaharlarda chiqish qilishgan.
реклама
реклама
“Endi o‘zim arqon bo‘ylab xuddi yerda yurgandek bemalol yuraman, — deydi dorboz. — Xavotir, hayajon va qo‘rquv kichikligimda bo‘lgan. 16 yoshimda Qoraqalpog‘istonda saboq olganman. Arqon o‘rnatish nazoratsiz qoldirilgan, u bizniki emas edi. Arqon bo‘ylab orqaga qarab yurayotganimda arqon uzilib yetgan. 12 metr balandlikdan yiqilib, oyog‘imdan jarohat olganman. Ikki yil davomida arqonga chiqa olmadim. Ushbu voqeadan keyin doimo uning qanday tortilishiga eʼtibor beraman”.

2016 yilda Ahrorbek otasining va o‘zining shogirdlarini “Ahrorbek dorboz” truppasiga jamladi. Sirkchilarning ilk chiqishi Jizzaxda bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda truppada Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand va Andijondan 10 nafar artist bor. Ularning eng kichigi – yetti yoshli Shamshodbek Xodjayevdir.
Qishda truppa mamlakatning gavjum hududlarida chiqish qiladi. Artistlar “Qo‘yliq” bozori yaqinida oktyabr oyidan chiqishlarini boshlab, mart oyining oxirigacha shu yerda qoladilar. O‘tgan yozda chiqishlar Chilonzorda, xuddi dorbozlar singari osmonni sevgan inson haykali oldida chilonzorliklarni to‘plagan edi. Uni Yuriy Gagarin deyishadi. Truppaning navbatdagi maqsadi — Magic City bog‘i.

Ahrorbek G‘ulomovning hamkasbi, polvon Elmurod Ergashevning aytishicha, yangi joyda birinchi uch kunda odatda odam kam bo‘ladi. Tomoshabinlarni jalb qilish uchun truppa mashinaga o‘tirib, tevarak-atrofni aylanib, dorbozlar shousi kelganini eʼlon qilishadi. Biroq, Elmurod Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, shaharlarda odamlar tomoshalarga borishni unchalik ham yoqtirishmaydi.

“Shaharlarda odamlar juda band deb o‘ylayman”, — deydi polvon.
Toshkentning tub aholisining baʼzilari hududlar aholisi uchun qanchalar qadrli va sevimli bo‘lgan milliy sirk chiqishlarini umrida biror marta ham ko‘rmaganini eshitib hayratga tushganman. Bizning qishlog‘imizda (Andijonda) dorbozlar kelishini intizorlik bilan kutishadi. Yoshu-qari. Bahor-yozda dorbozlar kelganda kechqurun 00:00 gacha hatto adyollarini olvolib, yopinib tomosha qilishadi. Qishloq odamlari televizor ko‘rgandan dor tomosha qilgan afzal deb bilishadi.
Ahrorbek yerga tushganidan keyin mikrofonni olib, tomoshabinlarni va o‘z truppasini duo qiladi. Anʼanaga ko‘ra, har bir artist, jumladan kichkina Shamshodbek ham o‘z chiqishini xalqni va hamkasblarining haqqiga duo qilish bilan yakunlaydi. Bu odat har safar – sirkchi bir kunda necha marta chiqish qilsa, shuncha marta takrorlanadi. Duolardan keyin ular atrofni aylanib, pul yig‘ishadi. Artislar duolari qancha quyuq va chiroyli chiqsa, tomoshabin shuncha saxiy bo‘lishiga ishonishadi.
“Baʼzi opalar-akalar, otaxon-onaxonlarning bizga atagani bor, ammo iymanib, ehtimol bizning borishimizni kutib, davraga qadam bosmadilar. Qani, bolalar, o‘zingiz aylanib chiqing. Atagani atiga 5ming so‘mmi, 10 mingmi, borib, duo qilib, rahmat aytib olib keling”, — deydi boshlovchi.
So‘ngra artist atrofni aylanib chiqadi va pul, baʼzan esa turli noz-neʼmatlarni yig‘ib chiqadi. Pullarni qabul qilib, u “omin” deydi va barcha yaxshi tilaklar albatta amalga oshishi uchun kaftlari bilan yuzini silaydi.
“Qo‘yliq”dagilar bizni qo‘llab-quvvatlab, tomoshaga kelganidan juda xursandman, – deydi Ahrorbek G‘ulomov. – Bir kunda kamida 200 ming, hatto 6 million ham topamiz. Nonimizning katta-kichikligi mahoratimiz darajasiga bog‘liq. Nima bo‘lganda ham xalqning barakasi tillaga teng! Mana olti yildirki, men va shogirdlarim – masxarabozlar va polvonlar, gipnozchilar va hayvon o‘rgatuvchilar, akrobatlar va dorbozlar – xalqning duosini olmoqdamiz. Truppam va shogirdlarim bo‘lmaganida edi, aktyor yoki qo‘shiqchi bo‘lardim, chunki madaniyat va sanʼat kollejini bitirganman”.
2020 yilda “Ahrorbek Dorboz” jamoasi Jizzax viloyatining Forish tumanida chiqish qilishdi. G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, bu uning butun faoliyatidagi eng esda qolarli shou bo‘lgan. Chiqishlarni 15 ming kishi tomosha qilgan. Sanʼatkorlarni hayqiriqlar, hayrat, olqishlar va hushtaklar bilan kutib olishgan.
“Milliy sirk va dorbozlik – nafaqat noyob sanʼat, balki sport hamdir, – deydi Ahrorbek G‘ulomov. – Arqonda yurish odamni epchil, xotirjam, diqqatli va jasur qiladi”.
Jamoa yil davomida viloyatlar bo‘ylab safar qiladi. Yilning issiq vaqtlarida chiqishlarni chekka viloyatlar va qo‘shni respublikalar aholisi olqishlari bilan qarshi oladi. Ayni vaqtda “Ahrorbek dorboz” ishtirokchilari orasida boshqa sayyor sirk artistlari ham bor. Ulardan biri akrobat Abdurashid Alimovdir. U o‘zi asos solgan “Yosh dorbozlar guruhi” truppasida olti nafar yigitga saboq beradi. Qishda uning jamoasi ishlamaydi, shuning uchun u G‘ulomov bilan birga chiqish qiladi.
реклама
реклама
Abdurashid Alimov arqonga nisbatan kechroq chiqqanini eslaydi. 16 yoshda edi.

“Do‘stlarim bilan shaharga borgandik. U yerda dorbozlar shousi bo‘layotgan ekan. O‘rtoqlarim meni arenaga itarib yuborishdi. Ikki marta salto otdim, hamma qarsak chaldi. Shu paytdan boshlab men bu ish bilan qiziqib qoldim”.
O‘smir yigit Farg‘onadagi gimnastika zalida o‘z mahoratini oshirdi. Keyinchalik u o‘z oilasi oldida dorbozlar shousida ishtirok etishni xohlayotganini tan oldi, ammo ular bunga qarshi edi.
“Ayniqsa, onam: “Ajdodlaring orasida dorbozlar bo‘lmagan, qilolmaysan. Bu fikrdan voz kech!” – deb qayta-qayta yozg‘irdi. Haqiqatan ham, ota-bobolarim dorboz bo‘lishmagan. Qarindoshlarimiz ham bu sohadan uzoq odamlar. Ammo qarshiliklarga qaramasdan dorbozlar jamoasiga qo‘shildim, chunki menda murakkab tryuklarga, noyob mashqlar va yengil atletika bilan odamlarni hayratlantirishga qiziqish kuchli edi”.
Bir muddat avval artist to‘ylarda masxarabozlik ham qildi. Onasi bundan xafa bo‘ldi: “Masxaraboz bo‘lishing kamlik qilayotgandi. Endi hamma falonchining o‘g‘li masxaraboz deb aytadi”. Tez orada u bu ishni tashladi.

“Asosan turli murakkab akrobatika va kaskadyor mashqlarini ko‘rsataman. Men ham bir-ikki marta arqonga chiqdim, lekin bu ishda usta emasman. Endi men bilan nafaqat onam, balki otam, yaqinlarim ham faxrlanadi”, – deya jilmayadi Abdurashid Alimov. U har 10 kunda Farg‘onadagi oilasining oldiga borib turadi.

Bugun akrobat oddiy kundalik kiyimda chiqish qilyapti. Sirk dasturi uchun mo‘ljallangan kostyumlar yuvilishi va quritilishi kerak.

“Har kuni yuvmoqchi bo‘lyapmiz, ammo kechqurun charchab uxlab qolyapmiz. Kechirasizlar”, — deydi u.
Abdurashidning chiqishidan so‘ng uning oldiga Milliy gvardiya xodimi keladi. U o‘z hamkasblari bilan namoyishni tomosha qilib o‘tirgan edi.

U tabassum qilgancha: “Aka, omadingizni bersin!” – dedi va dorbozga pul uzatdi. Yuzidagi quvonch va tabassumni niqobi to‘sib turgan bo‘lsa ham, ko‘zlari buni oshkor qilib turardi. Men hech qachon Milliy gvardiya xodimlarining kulganini ko‘rmaganman. Ular doim jiddiy yurishadi.
Abdurashid Alimov akrobatik chiqishlarini mohirona ijro etishdan tashqari, uning raqsga tushadigan ikkita ilonli nomeri ham bor. U ularni o‘rgatmaydi, balki “gipnoz qiladi”. Bular truppaning so‘nggi hayvonlari. Avvalroq, Ahrorbek G‘ulomovning aytishicha, artislar bilan birga bo‘ri, sher, yo‘lbars kabi 20 dan ortiq turdagi hayvonlar ham safar qilgan. Hozirda hayvonlar ijaraga berilgan.
реклама
реклама
“Biz ilonlarni go‘sht bilan boqamiz. Ularni Samarqanddan olganmiz. Ularni saqlashga ruxsatimiz bor, lekin ularni qanday saqlashimizni Ekologiya qo‘mitasidan hech kim nazorat qilmaydi. Ehtimol, bor-yo‘g‘i ikkitaligi uchundir. Hayvonot bog‘imiz bo‘lganida, inspektorlar tez-tez kelib turardi”, — deydi Ahrorbek G‘ulomov.
Truppa rahbari ham gipnoz bilan shug‘ullanadi. U tomoshabinlar orasidan ko‘ngillilarni davraga chaqirib, ko‘zlarini yumishlarini so‘raydi.

“E-e-e, hammasi o‘zining tanishlari”, – deya ishonmaydi kuzatayotganlardan ayrimlar.

Artist esa har bir dovyurakning oldiga borib, uning yelkasiga qo‘lini tekkazadi.

“Qani, raqsga tushingchi, – deya buyruq beradi va ular raqsga tushishni boshlaydi. – Qani, kulinglar”, – deydi va ular kuladilar. Og‘zi ochilib qolgan tomoshabinlar Ahrorbekni gipnozchi emas, balki sehrgar deb pichirlashni boshlaydi.

U ko‘ngillilarni o‘ziga keltirib, duo qilib, rahmat aytadi va yana pul yig‘ishga jo‘naydi. Saxiy bo‘lishni xohlaydiganlarning baʼzilari maydonni yo‘ldan ajratib turgan baland to‘r panjara ortida turishadi. Ular panjarani aylanib o‘tib, maydonga yaqinlashishga erinishgan. Ular sanʼatkorlarni devorga chaqirib, panjara ortidan pul uzatishadi.
Bugungi dasturdan besh-olti yashar bolakayning ham chiqishi o‘rin olgan. U truppaning aʼzosi emas. Bolani otasi olib keldi. Bola xuddi Shamshodbeknikiga o‘xshab oq kostyum va krossovka kiygan. U hind musiqasiga raqsga tushib, tomoshabinlar chehrasiga tabassum ulashadi va tosh ko‘taradi. Yigitchaning kuchi tomoshabinlar orasidagi bir erkakni hayratga soladi: “Bizning ham shunday o‘g‘limiz bo‘lsin”, – deb pichirlaydi xotiniga.
“Menga havas qilgan aka-opalarimga mendan yaxshi farzandlar ber, — deya Yaratganga yuzlanadi bolakay o‘z chiqishini yakunlagach. — Men bu yerga hammani xursand qilish uchun kelganman. Akalarim-opalarim, meni emas, ota-onamni duo qilib qo‘ysangiz yetarli”.
Otasi olqishlar ostida o‘g‘lini yelkasiga mindirib, pul yig‘ishga boradi. Artistlar tashrif buyurganlarning minnatdorchiligini ham o‘zlari bilan olib ketishadi.

Dasturga ko‘ra, Shamshodbek ham o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak. U manej markazida turgan “Spark”ka bog‘langan arqonni tishlab, qo‘lini orqasiga olib mashinani joyidan siljitishga harakat qiladi. G‘ildiraklar aylanishni boshlaydi.

“Biz, albatta, bolalarning sog‘ligi haqida o‘ylaymiz. Agar sog‘ligiga yomon taʼsir qilganida, bu ishni qilishiga qarshi bo‘lardik biz ham, – deydi Ahrorbek G‘ulomov. – Og‘irlikni ko‘tarishning o‘z texnikasi bor. Hozir birdan siz ham toshni ko‘tarsangiz, albatta sog‘lig‘izga zarar yetadi. Shamshodbek, masalan, mashinani tishlari bilan tortishni ikki yoshidan boshlagan. Biz unga tortish texnikasini tushuntirganmiz, ko‘rsatib berganmiz (buni faqat ko‘rsatish mumkin). Keyin Shamshod 3 yil davomida mashinani tortishni mashq qildi va o‘rgandi. Hech nima birdan bo‘lmaydi, ularning organizmini moslashtirish uchun dastlab kichik og‘irlikdagi toshlarni, keyin esa asta-sekin kilogrami yuqori toshlarni ko‘tarishga o‘rgatganmiz. Hozir ular uchun ko‘tarayotgan toshi va tortayotgan mashinasi hech qanaqasiga og‘ir emas. Masalan, og‘ir ko‘tarish oqibatida grija bo‘lishi mumkin. Og‘irlik ko‘tarish texnikasi, usulini biz baʼzida polvonlardan so‘raymiz”.
реклама
реклама
Tomoshalar orasida Shamshodbek musofirlik, yigit non topishi, oila boqishi haqida to‘rt qator sheʼr ham aytadi.

Nazarimda, bu sheʼrlar truppa qayerda chiqish qilgan bo‘lmasin, tomoshabinlar qalbida aks-sado berib turadi. Bu sheʼrga qanchadan-qancha o‘g‘il va otalarimiz, erlarimiz va aka-ukalarimizning taqdiri jo bo‘lmagan deysiz.

Shamshodbekning chiqishi yelkasiga katta ryukzak taqib olgan maktab o‘quvchilarida ham katta qiziqish uyg‘otadi. Truppa odatiga ko‘ra, sirkchi bolalar ham o‘qishadi. Ular dorbozlar boradigan hududdagi maktabda o‘qiydilar. Hozir Shamshodbek ajdodlar hunarini o‘rganayotgani, ularning urf-odatlarini saqlab kelayotgani uchun darslarga qatnashmaydi. Sheʼri va mashinani joyidan qo‘zg‘atgani uchun tomoshabin ayollardan biri bolaga ikkita kolbasa beradi.

“Qorning och qolgandir, – deydi ayol. – Yeb ol”, – bola baxtli.
Tushlik vaqti. Dilmurod polvon avtobusda ishtaha bilan pirojka yemoqda, meni ham olishga taklif qiladi. U hozirgina tomoshabinlarning xavotirli nigohlari ostida chiqish qildi. Ustiga o‘ntacha erkakni chiqarib olgan Dilmurodning yerga yotgancha mikrofonga “axxx” deganini eshitgan ayollar uni “bechora polvon” deb atab, erkaklardan artistning ustidan tushishni talab qilishgandi. Undan keyin Elmurod Ergashev chiqish qiladi.
“Arenaga birinchi marta qachon chiqqanimni aniq eslay olmayman, – deydi Elmurod Ergashev. – Ammo buni esimni taniganimdan beri qilayotganimni bilaman. Dadam menga og‘irlik ko‘tarish sanʼatini o‘rgatgan. Men 4 yoshimdan 8-16 kg og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarib, yelkamga olishni boshlaganman. Hozir 24 yoshdaman. To‘rt-beshta 32 kg lik toshlar bilan men o‘z chiqishlarimni tayyorlayman. Ayniqsa, besh-olti kishini ko‘tarib, piramida hosil qilganimizda tomoshabinlar olqishlaydi”.

Bu odamlarning vazni, Elmurod Ergashevning aytishicha, 450 kg ga yaqin. U kuniga ikki-uch marta ushbu chiqishini ijro etadi.

“Yaqin kunlarda har birining og‘irligi 70 kg bo‘lgan yetti-sakkiz kishini ko‘tarib, yangi chiqishimni namoyish etmoqchiman”.
Polvon o‘z yutuqlariga jarohatlarsiz erishgani yo‘q. U qo‘llari va oyoqlarini sindirgan, oyoq-qo‘li chiqqan. Bir marta toshlarni yelkasida ushlab turolmadi va uni shikastlab oldi. Shundan so‘ng uch hafta chiqishlarda qatnasha olmadi, ammo og‘ir atletikani tark etishni hech qachon o‘ylamagan.

“Kasbim tufayli yurtimizning men bo‘lmagan joyi deyarli qolmadi. Ammo hali O‘zbekistondan chiqqanim yo‘q. Eng katta orzuim – Arabistonga borib, Makka va Madinada o‘z mahoratimni ko‘rsatish”.

Elmurodning qo‘shimcha qilishicha, boshqa hunarlar unga ko‘proq daromad keltirsa ham, maydonni tark eta olmaydi, chunki “o‘z sanʼati bilan tomoshabinlarni xursand qilish”ni baxt deb biladi.
Kechki 7 ga borib tomoshabinlar tarqab ketishadi. Truppa aʼzolari maydonni supurib, tomoshabinlar qoldirgan pista, yeryong‘oq po‘choqlari, paxtaqand va bodroq qadoqlarini to‘plashadi, gilamlarni qoqishadi. Tozalash ishlaridan so‘ng sirkchilar Ahrorbek G‘ulomovning Chilonzordagi uyida uxlashadi. Issiq mavsumda truppaning bir nechta aʼzolari o‘z arenalari yaqinidagi avtobusda tunashadi. Buning uchun salonning yarmiga fanerli postament bilan qoplangan. Uning ustiga gilam yozib, ko‘rpacha to‘shashadi — Emir Kustritsa filmlari dekoratsiyasiga o‘xshaydi.

Kechqurunlar artistlar xorijga gastrol safarlariga qanday borishlarini orzu qiladilar. Ahrorbek G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, ularni baʼzan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan homiylar qo‘llab-quvvatlaydi. Ular o‘z mamlakatlarida sirkchilar uchun joylar ajratadilar va ularning xarajatlarini qoplaydilar. Truppa rahbari homiylikni baxt deb ataydi hamda Qo‘shma Shtatlarda va Yevropada chiqish qilishni xohlaydi. Buning uchun artistlar o‘z mahoratlarini oshirishlari kerak, deydi u.
“Shu ishni tanlaganimdan xursandman, – deydi Ahrorbek G‘ulomov. – Mening hurmatli jamoam, shogirdlarim bor. O‘z o‘rnimni topdim. Sanʼatim ortidan mashina oldim, poytaxtda Vatan qurdim”.

Ahrorbek poytaxtdagi Vatan deganda Chilonzordagi uyini nazarda tutadi. Bu uy, ehtimol, hech qachon sayyor sirkchilar uchun erkinlikning o‘rnini egallay olmas, ammo har doim suyanish mumkin bo‘lgan qandaydir tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.
Fotosuratlar muallifi Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Toshkentda dorbozlar shousini qayerda ko‘rish mumkin?

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting