DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament Toshkent, Buxoro va Namangan viloyatdarida noqonuniy yer sotish bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan shaxslarni qo‘lga oldi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1964 va 1970 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zlariga tegishli bo‘lmagan 4 gektar yerni unga sotishga uringani aniqlandi. Ular yerni 800 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olganida ushlangani aytilmoqda.

Namangan viloyatidagi holatda esa Kosonsoy davlat o‘rmon xo‘jaligining nazoratchisi fuqaroga mazkur xo‘jalikka tegishli 85 sotix yer maydonini 49 yilga ijara shartnomasini tendersiz yutib berishiga ishontirgan. Buning evaziga 55 ming AQSh dollari olganida qo‘lga tushgan.

Buxoro viloyatida esa Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimi jami 8 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. U mahalliy MCHJga tegishli 5 gektar va boshqa bir fuqaro boshqaruvidagi fermer xo‘jalikning 3 gektar yeri uchun jami 16 ming AQSh dollari so‘raganlikda gumon qilinmoqda. Ushbu pullarni olgan vaqtida esa DXX va Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangani aytilmoqda.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.