Ikki yillik cheklovlardan so‘ng, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati va «Qazaqstan temir jolы» MK" AJ bilan kelishilgan holda joriy yilda Qozog‘istonga birinchi yo‘lovchi poyezd harakati tashkil etilmoqda, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, 1 apreldan boshlab Nukus — Beyneu — Nukus yo‘nalishidagi 647/648-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu poyezd «Nukus» vokzalidan haftaning har seshanba, juma va yakshanba kunlari va «Beyneu» stansiyasidan har dushanba, chorshanba va shanba kunlari yo‘lga chiqadi.

Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkentdagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan bilib olishlari mumkin.