Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova bolalar tilanchiligi haqida o‘z firklarini bildirdi. Uning maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.

COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy hodisalarni yanada kuchaytirdi. Bugungi kundagi o‘tkir muammolardan biri tilanchilik bo‘lib, unda bolalar jalb qilinmoqda.

Turli shaharlarda tilanchilik qilayotgan bolalarni tez-tez ko‘rishimiz mumkin. Ular ko‘proq yo‘llarda, do‘konlar, restoranlar yaqinida, yer osti o‘tish joylarida uchraydi. Kimdir piyoda yoki mashinasida bu holatga bee’tibor o‘tib ketadi, kimdir sadaqa beradi. Bolalarni mehnatga majburlayotganlar bu bolalarni bolalikdan mahrum qilishlari haqida hamma ham o‘ylamaydi. Bu bolalarning zo‘ravonlik, qo‘rqitish va qiynoqlarga duchor bo‘layotganligini ham anglatadi.

Jumladan, bu bolalar, qoida tariqasida, normal insoniy munosabatlardan, ta’limdan mahrum, ular to‘yib ovqatlanmaydilar, sog‘lig‘ida muammolar mavjud.

Biz bolalarning ekspluatatsiyasiga ko‘z yummasligimiz kerak. Bolani ekspluatatsiya qilish — bu zamonaviy qullik, bu voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikdir. Bolalar o‘zlari duch keladigan xavflarni baholay olmaydi. Yoshi ulg‘aygan sari ularda tilanchilik pul topishning yagona va to‘g‘ri yo‘li, degan ishonch paydo bo‘lishi mumkin.

Bolalar qashshoqlik tufayli ko‘pincha jinoiy guruhlar ekspluatatsiyasiga duchor bo‘lishi, «tirik tovar» singari odamfurushlar qo‘liga tushishi mumkin. Ular odatda tilanchilik uchun ishlatiladi. Bu bolalar tomonidan yig‘ilgan xayr-ehsonlar ularga berilmasligini anglatadi. Saxiylik bolalarga yordam bermaydi, balki ularni ekspluatatsiya qilganlarni boyitadi. Voyaga yetmagan tilanchilar bu biznes bilan shug‘ullanuvchi jinoyatchilarga ajoyib daromad keltiradilar. Ko‘pincha, voyaga yetmaganlar ota-onalari tomonidan emas, balki begonalar tomonidan jalb qilinadi.

Bolalar tilanchiligi masalasi qonunchilik darajasida qanday tartibga solinadi?

— Ayni paytda bolalar tilanchiligi bilan bog‘liq vaziyat tartibga solingan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy kodeksining 1883-moddasiga ko‘ra:

voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1271-moddasiga muvofiq, agar voyaga yetmagan shaxsni tilanchilikka jalb qilganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ya’na shu qilmish sodir etilsa jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga ushbu jinoyatni og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo kuchaytirilgan.

Huquqni qo‘llash amaliyoti qanchalik samarali?

Ushbu moddalar bilan voyaga yetmagan tilanchilarning «kuratorlarini» jinoiy javobgarlikka tortish deyarli mumkin emas. Buning uchun, bolalarning jinoiy biznesga aloqadorligini, ya’ni ular nima qilishlarini bilishlarini isbotlash kerak.

Agar chaqaloq haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yanada qiyinroq. Chunki u tilanchilik bilan shug‘ullana olmaydi, lekin faqat shu maqsadda ishlatilishi mumkin.

Bolalar tilanchiligi bilan qanday kurashish mumkin?

Ushbu muammo yuzaga kelganiga qaramay, amalda unga kam e’tibor beriladi.

Bolalarning qarovsizligi va boshpanasizligining asosiy sabablari oilaviy muammolar ekanligiga ishoniladi. Afsuski, farzandlarini asrab-avaylash va tarbiyalash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmayotgan ota-onalar soni yil sayin ortib bormoqda. Har yili mamlakatimizda nosog‘lom oilalarda yashovchi ko‘plab voyaga yetmaganlar aniqlanadi.

Va har qanday ijtimoiy davlatning vazifasi bolalarni ko‘chaning salbiy ta’siridan himoya qilish va oilada bolaning barkamol va har tomonlama rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdir.

Farzandlar oiladan qochmasligi, ota-onalar farzandlarini tashlab ketmasligi uchun davlat barcha ijtimoiy sharoitlarni yaratishi kerak.

Bolalar tilanchiligini oldini olish bo‘yicha profilaktika choralarini kuchaytirish zarur.

«Bolalar tilanchiligi» tushunchasi ortida minglab nogiron bolalar taqdirlari yashiringanini tushunishimiz kerak.

Ko‘chada tilanchilik faktlarini qanday kamaytirish mumkin?

Barchamiz tilanchilikning namoyon bo‘lishiga qarshi kurashishni boshlashimiz muhim. Biz pul berishni to‘xtatishimiz kerak. Kichkintoylar bilan tilanchilik qilishni to‘xtating, ayniqsa yo‘llarda. Bu ijtimoiy hodisaning oqibatlarini aholiga tushuntirish zarur. Insonning o‘z harakatlari uchun javobgarligini shakllantirish muhimdir. Kattalar javobgarlikka tortilishi kerak.

Bu tizimli ish bo‘lishi kerak, afsuski, bugungi kunga qadar kerakli darajaga olib chiqilmagan.