Mart oyidan boshlab Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada kamaydi, dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov.

«Mart oyidan buyon Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada kamaymoqda. Xususan, 2022 yil mart oyining birinchi yarmida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli pasayishi kuzatilmoqda. Biroq pul o‘tkazmalarining qisqarishi faqat rublning qulashi tufayli sodir bo‘lganligini hali ham aniq aytish qiyin. Katta ehtimol bilan, yuqori darajadagi noaniqliklar bu yerda katta rol o‘ynaydi, bu mehnat muxojirlarining pul jo‘natish yoki yubormaslik qarorlariga ta’sir qiladi», — deya aniq raqamlarni keltirib o‘tmadi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada sanksiyalar natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat o‘rta muddatli istiqbolda pul o‘tkazmalari manbalarida tarkibiy o‘zgarishlar va O‘zbekiston ichki bozorida xorijiy valyuta taklifining tiklanishi kuzatiladi.

Markaziy bank rahbari o‘tkazmalar hajmining qisqarishi va aholi daromadlarining pasayishi sababli muammoli kreditlar (NPL) miqdori ham o‘sishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Yuzaga kelgan tashqi xatarli vaziyat bo‘yicha noaniqlik darajasi yuqori bo‘lib, uning rivojlanishi bo‘yicha ehtimoliy kutilmalardan kelib chiqib Markaziy bank moliyaviy tizim ko‘rsatkichlarini stress-testdan o‘tkazmoqda. Bunda, pul o‘tkazmalari kamayishi hisobiga aholi daromadlarining qisqarishi, o‘z navbatida, ularning kredit to‘lovi intizomiga ham ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatadi, albatta», — dedi u.

To‘lov intizomida salbiy o‘zgarishlar kuzatilibborishi bilan Markaziy bank ham o‘z navbatida, bank tizimida muammoli kreditlar hajmi o‘sishini oldini olish bo‘yicha choralarni amalga oshiradi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, zaruriyat yuzaga kelganda tijorat banklariga har bir mijoz bo‘yicha alohida yondashishni tavsiya etmoqda.

Manba: Statistika qo‘mitasi.

Bir qator viloyatlarda — eng ko‘p Xorazm (27,1 foiz), Samarqand (25,3 foiz), Andijon (22,2 foiz), Surxondaryo (21,6 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (20%) xorijdan pul o‘tkazmalari aholi umumiy daromadlarida salmoqli ulushni egallaydi. O‘tkazmalarning qisqarishi, agar ularda kreditlar (ipoteka, iste’molchi va boshqalar) bo‘lsa, ularning to‘lov intizomiga ta’sir qilishi mumkin. 2021 yilda mehnat muhojirlari O‘zbekistonga 8,1 mlrd dollar (+34 foiz) jo‘natgan, biroq Jahon banki ekspertlari Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat tufayli bu hajmlar 2022 yilda 21 foizga qisqarishini kutmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida muammoli kreditlar ulushi banklar kredit portfelidagi 5,2 foizdan 5,4 foizgacha oshgan. 1 fevral holatiga ko‘ra, ularning hajmi 503 mlrd so‘mga oshib, 17,47 trln so‘mni tashkil etdi.

Banklarning kredit portfelida jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar 69,6 trln so‘mni, shundan ipoteka kreditlari — 36,2 tlrn so‘m, mikrokreditlar — 9,9 tlrn so‘m, iste’mol kreditlari — 12,3 tlrn so‘m va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan kreditlar — 11,07 tlrn so‘mni tashkil etadi.