Ayni vaqtda Toshkent shahridagi Xalqaro forumlar saroyida prezident Shavkat Mirziyoyevning shifokorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev tadbir avvalida 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari qatnashayotganini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari so‘zi avvalida uchrashuv oldidan kelib tushgan murojaatlarning ko‘p qismi shaxsiy savollar ekanligini aytdi.

«25 mingta savol tushdi. 60 foizdan ko‘prog‘i shaxsiy savollar. Albatta tushunaman, bu shaxsiy savollar tagida yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar bor. Nima uchun bu uchrashuv cho‘zildi? 85% muammolar avval hal qilindi. Albatta, hammaning ham savolini birdaniga hal qilolmaymiz. Bilim bilan, vaqt bilan yechiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, har safar hududlarga borganida albatta tibbiyot maskanlariga kirishga, shifokorlar bilan uchrashishga harakat qilishini aytidi.

«Lekin, sizlar bilan mana shunday keng davrada, ochiq muloqot shaklida birinchi marta ko‘rishib turibmiz. Bugun sohadagi yutuqni — yutuq, kamchilikni — kamchilik deb aytib, tizimdagi «kasalliklar»ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur. Tibbiyot shunday sohaki, unga daxldor bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Hammamiz ham issiq jonmiz, tibbiyot muassasalariga kunda-kunora murojaat qilmagan kishini topish qiyin», — dedi u.

«Barchamizga ayonki, odam sog‘lom bo‘lma-sa, unga ish ham, moddiy ne’matlar ham, hayot quvonchlari ham, tatimaydi. Shu bois, o‘z fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish, kuchli va samarali tibbiyot tizimini shakllantirish — xalqparvar davlatning eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi», dedi davlat rahbari.

Prezident oxirgi yillarda tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirilganini ta’kidladi.

«2022 yilning o‘zida sohaga budjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

«Bularning hisobidan tizimda nima o‘zgardi? Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini, mutlaqo yangi yondashuvlar asosida, tubdan o‘zgartirishga kirishdik. Bu borada, o‘tgan yildan boshlab, har bir mahallada „xonadonbay“ ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi», — dedi davlat rahbari.

2021 yildan, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

«Hozirgi vaqtda shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni odamlarimiz ortiqcha sarson bo‘lmasdan, oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida, birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy «UZI» va «EKG» apparatlari bilan ta’minlandi.

Shu orqali, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli сќринингд́ан o‘tkazish boshlandi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bularning barchasi, o‘z navbatida, sifatli tibbiy xizmatlarni «mahallagacha tushirish» bo‘yicha muhim qadamlar bo‘ldi.