Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan prezident va tibbiyot xodimlari uchrashuvida xorijdan tibbiyot uskunalari olib kiruvchilarga imtiyozlar berilishi ma’lum qilindi.

“Gazeta.uz” muxbiri zabar berishicha, uchrashuv oldidan xususiy klinikalardan tushgan ko‘plab murojaatlarda xorijdan olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va buyumlari, ehtiyot va butlovchi qismlar, sarflov materiallariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish so‘ralgan.

“Bu masalaning muhimligini e’tiborga olib, joriy yil 1 apreldan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025 yil 1 yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Murojaatlarda, shuningdek, xususiy klinikalarga malakali mutaxassislarni jalb qilishda, O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasi uchun, 700 mingdan 40 million so‘mgacha to‘lov mavjudligi ko‘rsatilgan.

Ushbu talab, hatto qisqa muddatda yuqori texnologik operatsiyalar hamda shifokorlarga “master-klass” o‘tkazishga taklif etilgan mutaxassislarga ham qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, xususiy klinikalar mamlakatga tibbiy turizm orqali davolanishga kelgan xorijiy fuqarolar uchun, “turizm yig‘imi” to‘lashga majbur.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muammolarga to‘g‘ri yechim topish uchun, 2022 yil 1 apreldan boshlab:

  • xorijiy shifokorlarga O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasini berish bo‘yicha to‘lovlar miqdori keskin kamaytiriladi;
  • xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi.

Xususiy tibbiyot muassasalari uchun, litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablari tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.