Prezident Shavkat Mirziyoyev nafaqaga chiqqan shifokorlarga uyida oilaviy shifoxona ochishga ruxsat berilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi o‘z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan. Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun alohida klinika ochish talab etilmaydi, balki bu toifadagi shifokorlar o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga, aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlari uchun to‘lov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali beriladi.

Ushbu tajribani dastlab Sirdaryo viloyatida boshlaymiz. Keyinchalik zarur tayyorgarlikni ko‘rib, bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.