Davlat xizmatlari agentligi 19 martdan 2 aprelgacha eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qildi. Tashkilot buni “texnik va profilaktika choralari” bilan izohladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘z bo‘linmalarida guvohnomalarni almashtirish to‘xtatilgani haqida hozircha xabar bermadi.

Agentlik, shuningdek, bor-yo‘g‘i 2,6 mln kishi haydovchilik guvohnomasini almashtirganini, 3,1 mlndan ortig‘i esa hali ham eski guvohnomasini saqlab qolganini ma’lum qildi. Endilikda guvohnomalarni almashtirish muddati yana bir yilga — 2023 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilishi rejalashtirilgan (berilgan yiliga qarab, oxirgi oy o‘zgarishi mumkin).

Eski guvoxnomaga ega fuqarolar hamda tashrif buyuruvchilarning taxminiy sonini hisobga olgan holda haydovchilik guvohnomasini almashtirish punktlari sonini kamida 2 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga qadar jami 74 ta punkt faoliyat ko‘rsatmoqda (49 ta — Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi bo‘linmasi, 25 ta — DXA).

Agentlik Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, 2022 yil 1 apreldan boshlab eski haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchilar jarimaga tortilmasligini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, avvalgi muddatga ko‘ra, 2010 yilgacha berilgan hujjatlar 2022 yilning 31 martigacha almashtirilishi kerak edi.

O‘zbekistonda 2017 yil oktabridan yangi haydovchilik guvohnomalari joriy etilgan. Dastlab 2020 yil 31 dekabrga qadar ishonchnoma va ro‘yxatga olish guvohnomalarini almashish rejalashtirilgan edi. 2020 yilning bahorida muddat bir yilga, 2021 yilning noyabrida esa 2022 yilning oxirigacha uzaytirildi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun qo‘llanma ham tayyorlagan edi.