Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2022 yil 1 mart holatida 35,36 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 1 fevral holatiga nisbatan 935,6 mln dollarga ko‘p demakdir.

Yalpi zaxiralarning ortishida xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar asosiy rolni o‘ynadi. Ushbu zaxiralar hajmi 1 fevralda 12,545 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 1 martda 13,528 mlrd dollargacha 983 mln dollarga ortgan.

Oltin zaxiralarining fizik hajmi 700 ming unsiyaga, qiymati esa oldingi oyga nisbatan 50,4 mln dollarga kamaygan. 1 mart holatida mamlakat oltin zaxiralari hajmi 10,9 mln troy unsiyani, qiymati esa 20,724 mlrd dollarni tashkil etgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha eng mustahkam himoyalangan davlatlardan biri hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro tufayli kelib chiqqan vaziyatdan foydalanib, 30 tonnagacha oltin sotgan bo‘lishi mumkin.

2021 yil noyabr oyida O‘zbekiston dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgandi. Bu oyda mamlakat 21,5 tonna oltin sotgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 feral holatida mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi 34,425 mlrd dollarni tashkil etib, 1 yanvarga nisbatan 713,9 mln dollarga kamaygandi.