Markaziy bank xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan 24 martdan amal qiluvchi kurslarini e’lon qildi. Unga ko‘ra:

  • 1 AQSh dollari 62,40 so‘mga pasaydi va 11 509,59 so‘mni tashkil etmoqda;
  • 1 Yevro 66,68 so‘mga pasaydi va 12 726,15 so‘m deb baholandi;
  • 1 Rubl 2,83 so‘mga ko‘tarildi va 113,39 so‘mga teng bo‘ldi.

«Milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar ta’sirlariga javoban to‘g‘rilanish kuzatilib, joriy yil boshidan so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi», — deyiladi MB press-relizida.

Markaziy bank Raisi Mamarizo Nurmuratov hozirda keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan savollarga atroflicha javob berdi. Jumladan, u Markaziy bankning joriy yil uchun almashuv kursi o‘zgarishi prognozi bo‘yicha savolga javob berdi.

«Biz milliy valyuta almashuv kursi bo‘yicha prognozlarni amalga oshirmaymiz va so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllangan talab va taklif muvozanatiga bog‘liq bo‘ladi», — dedi regulyator rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida «neytrallik tamoyillari» doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi. Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, 17 mart kuni Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator 2020 yildan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab kelayotgan edi.

«Boshqaruv qarori bilan asosiy stavkaning oshirilishi ham ma’lum ma’noda milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Mamarizo Nurmuratov.

«Bu milliy valyuta kursini kredit va foiz kanali orqali muvozanatlashga qo‘shimcha vosita bo‘ladi», — deya izohladi iqtisodchi Otabek Bakirov. Shuningdek, iqtisodchi kredit va foiz kanallari so‘m kursiga qanday ta’sir qilishini ham izohlab o‘tdi.

Foiz va kredit kanali milliy valyuta kursiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

«Valyuta kursi oshib borayotgani munosabati bilan tijorat banklari kapitali yetarliligiga qo‘shimcha yuklama hosil bo‘ladi. Tabiiyki, banklar faqat 100 foizlik risk darajasidagina kreditlar ajratishga o‘tadi. Endi 100% risk shkalasida yangi beriladigan korporativ kreditlar 23 foizgacha, jismoniy shaxslarga esa 26 foizgacha oshirilishi mumkin», — deb yozdi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida.

Uning ta’kidlashicha, kreditlar turli yo‘llar bilan iste’molni va qo‘shimcha importni rag‘batlantiradi. Foiz stavkalar ko‘tarilgach, kreditga talab birmuncha maqbullashadi va ajratiladigan yangi kreditlarning so‘m kursiga bosimi ancha kamayadi.

«O‘z-o‘zidan, depozitlar va omonatlarning foiz stavkalari oshadi. Shu kunlarda bozorda 24%, 25 foizlik omonatlar takliflari paydo bo‘lsa, hayron bo‘lmaslik kerak. Sodda aytganda so‘mdagi mablag‘larni dollarga aylantirish afzalligi kamayadi», — deya ma’lum qildi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 241,61 so‘mga ko‘tarilib, 11 571,99 so‘mni tashkil qilgandi.