Bu yilning mart oyi juda yomg‘irli bo‘ldi. Shimoliy hududlardan tashqari, respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan sezilarli darajada ko‘p bo‘ldi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.

Ta’kidlanishicha, respublikaning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida yog‘ingarchilik odatdagidan 2−3 marta ko‘p bo‘ldi. Toshkentda deyarli 2 oylik yog‘ingarchilik miqdori yog‘di.

O‘zgidromet jadal yomg‘irning davomiyligi ham anomal bo‘lgani, 5 martdan bugungi kunga qadar deyarli har kuni biroz tanaffus bilan yomg‘ir yog‘ganini aytib o‘tdi.

«Eng kuchli yomg‘ir 11−15 mart kunlari kuzatildi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda bir kecha-kunduzda yog‘gan yog‘ingarchilik miqdori ayrim kunlarda 25−40 mm, tog‘li hududlarda ba’zi joylarda 50−60 mm gacha bo‘ldi», — deb yozadi markaz

Ma’lum qilinishicha, shu bilan yomg‘irlar tugamaydi. 18 martga qadar O‘zbekiston hududining katta qismida yomg‘irlar tanaffus bilan yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 18 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanish ehtimoli bor. Respublikaning shimolida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik ushbu kunlarda biroz bo‘ladi.

18 martdan so‘ng yog‘ingarchilik 2−4 kunga tanaffus qilishi kutilmoqda. Keyinchalik, mart oyining oxirigacha bu kunlar kabi kuchli va uzoq muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

O‘zgidrometning qayd etishicha, 2003, 2012 va 2021 yillarning mart oylarida ham juda yomg‘irli ob-havo kuzatilgan, ammo bu yilgi kabi jadal va davomiyligi uzoq muddatli yomg‘irlar ilgari kuzatilmagan.

«Iqlimshunos olimlarning fikricha, global isish yog‘ingarchilik ko‘payishiga olib kelmaydi. Biroq ular ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishiga, shu jumladan, anomal quruq yoki anomal nam davrlarning takroriyligi ko‘payishiga olib keladi. Joriy yilning mart oyi buning yorqin tasdig‘idir», deyiladi markaz ma’lumotida.